BADAXSHON
BADAXSHON — Amudaryoning yuqori oqimida, daryoning har-ikkala sohilida joylashgan tog’li o’lka. Badaxshon Pomir tog’larining bir qismi bo’lib, 2 o’lkadan iborat: 1. G’arbiy Pomirni ishg’ol qilgan Tog’li Badaxshon Muxtor viloyati (Tojikiston Respublikasi); 2. Shimoliy-Sharqiy Afg’onistonni ishg’ol qilgan katta o’lka. Badaxshon qadimdan savdo markazi bo’lib, chetga la’l, yoqut va zumrad chiqargan. La’lni badaxsh yoki balaxsh deb yuritganlar. Badaxshon toponimi shundan olingan bo’lishi ehtimol. Miloddan avvalgi 2 – asrda Badaxshon Toxaristonga, so’ng Kushon podsholigiga tobe bo’lgan. 5-6 – asrlarda eftalitlar, 8 – asrda arablar, 12 – asrning 2-yarmida g’uriylar, 13-asrning 1-choragidan mo’g’ullar qo’l ostida bo’lgan. Badaxshonda 15-16- asrlarda Temuriylar hukmronlik qilgan. 1520 yil Bobur Badaxshonni o’g’li Humoyunga topshirdi. 1584 yil Badaxshonni Abdullaxon II egallagan. 17-asrda Ashtarxoniylar, keyinroq Dahbed (Samarqand) sayyidlaridan Mir Yorbek (1656— 1706) asos solgan sulola hukmronlik qildi. Mir Yorbek Badaxshonning poytaxti Fayzobod (Juzg’un) shahriga asos solgan. Badaxshonda 18-19- asrlarda hukmronlik Qunduz beklariga o’tgan. 1872 yilda tuzilgan rus-ingliz ahdnomasiga muvofiq Buxoro xonligi bilan Afg’onistonning Badaxshondagi chegarasi Panj daryosi deb hisoblandi. 1873 yil Afg’oniston xoni Do’stmuhammadxon Badaxshonni o’z davlatiga qo’shib olgan.