BAHRIN

BAHRIN (Barin) — o’zbek xalqi tarkibiga kirgan qabilalardan birining nomi. Bahrinlar mo’g’ullar istilosi davrida Dashti Qipchoqqa kelib o’rnashgan. Abulg’oziy Bahodirxonning “Shajarai turk” asaridagi ma’lumotlarga ko’ra, mo’g’ul xoni Bichinkayonning Barin ismli o’g’li bo’lib, Bahrinlar o’shaning nasli ekan. Etnograf V. V. Radlovning ta’kidlashicha, Mang’it sulolasiga mansub har bir bo’lajak Buxoro xonini to’rt qabila — ming, alat (arlot), Bahrin va Batash vakillari kigizga o’tqazishib, to’rt uchidan baland kutarishgan. Bahrinlar xonlikning ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim rol o’ynaganlar, yuqori davlat mansablariga taymnlanganlar. 16-17- asrlarda Bahrinlarning katta bir qismi Dashti Qipchoqdan Toshkent vohasi, Farg’ona vodiysi, Buxoro xonligi hududiga kuchib o’tgan, ko’pchiligi o’troqlashib, qabila va urug’larini unutib yuborishgan. 1924 yil ma’lumotiga bi-noan, O’zbekistonda 9 mingga yaqin (Zarafshon vohasida — 2300 kishi, Buxoro viloyatida — 3770 kishi, Jizzax tumanida — 2000 kishi) Bahrin bo’lgan. Bahrinlar bir qancha urug’larga bo’lingan, eng yiriklari — bagonali, qoraqalpoq, uali.