BAL RAQSI

BAL RAQSI — ommaviy ko’ngil ochishga mo’ljallangan raqs kechalari (bal)da ikki yoki undan ortiq juftliklar ijro etadigan raqs. Bal raqsi 14-asrda Italiyada yuzaga kelgan. Bal raqsining nazariy qonun-qoidalari shu erda shakllangan, keyinchalik Frantsiyada keng tarqalgan. 14— 16-asrlarda Italiya va ayniqsa Frantsiyada branl, Volta Bal raqsilari mashhur bo’ldi. 17-asrdan butun Yevropa bo’ylab keng tarqaldi. Har bir mamlakatda o’ziga xos yo’sinda shakllandi va turli ko’rinishlarda boyib bordi. Xalq orasida burre, gavot, allemanda, menuet chakonna, jiga, sarabanda turlari ommalashdi. 18-asrga kelib paspe, myuzet, rigodon, kontrdans, ekossez, lendler kabi erkin raqslar keng yoyildi. 19-asrda tampet, mazurka, polonez, matredur, kadril, Lense, landler, galop, Kankan, polka, turli ko’rinishdagi valslar va boshqa ritmik tarzda rivojlandi. 19-asr o’rtalaridan vals eng mashhur Bal raqsiga aylandi. 20-asrdan Amerika va Yevropa Bal raqsi (Boston, fokstrot, Tango, Charlston va boshqalar) urf bo’ldi. O’zbekistonda Bal raqsi Rossiya ta’sirida 19-asr oxirlaridan ijro etila boshlagan. Hozirgi kunda Bal raqsi madaniyat saroylari (masalan, Aviasozlar madaniyat saroyi), havaskorlik to’garaklari va boshqa joylarda, shuningdek professional raqqos(a)lar tomonidan ijro etilib kelinmoqda.