BALANDLIK MINTAQALARI

BALANDLIK MINTAQALARI – tog’larda mutlaq balandlikning ortib borishi bilan tabiiy xususiyatlarning qonuniy o’zgarishi. Geomorfologik, gidrologik, tuproq hosil bo’lish jarayonlari, o’simlik va hayvonot dunyosi tarkibining o’zgarishida kuzatiladi. Balandlik mintaqalarining xususiyatlari yon bag’irlarning ekspozitsiyasi (ro’paraligi), ularning hukmron havo massalariga nisbatan joylashganligi va okeanlardan uzoqligi bilan aniqlanadi. Mintaqalar soni odatda baland tog’larda ekvatorga yaqinlashgan sari ortadi. Atmosfera bosimi troposferada 133 n/m2 ga (har 11 — 15 m balandlikda 1 mm simob ustuniga) pasayadi. Jami suv bug’ining yarmi 1,5 — 2 kilometrdan quyida to’plangan bo’lib, yuqoriga ko’tarilgan sari bug’va havodagi chang kamayadi. Shunga ko’ra quyosh radiatsiyasining intensivligi tog’larda yuqoriga ko’tarilgan sari ortadi, tog’yon bag’irlari yuzasidan atmosferaga tushayotgan uzun to’lqinli nurlar va atmosferadan tushayotgan muqobil nurlar kamayadi. Atmosferada radiatsiyaning yutilishi va qaytarilishi sharoitlarida va havoning vertikal almashishida havo temperaturasi, odatda, troposferada har kilometr balandlikda o’rtacha 5 — 6° kamayadi. Kishilarning xo’jalik faoliyati tabiat bilan bog’liq bo’lganligi sababli madaniy landshaft ham o’zgaradi. Tog’lardagi eng quyi mintaqa landshafti shu tog’joylashgan zona landshaftiga o’xshaydi. Masalan, cho’ldagi tog’larning quyi mintaqasi cho’lga o’xshash. Balandlik mintaqalari yuqoriga ko’tarilgan sari tekislik zonalari tabiati almashingan tartibda o’zgara borsa ham lekin aynan takrorlanmaydi. Masalan, tog’lardagi tundra va muzlik mintaqalarida qutb kun-tunlari bo’lmaydi, bu narsa tabiatning boshqa omillarida ham o’z aksini topadi. Mintaqalarning tabiatiga mahalliy sharoit, shamol, relef, tog’yon bag’irlari ham ta’sir ko’rsatadi. Balandlik mintaqalari ikki guruhga — dengiz bo’yi Balandlik mintaqalari va quruqlik Balandlik mintaqalariga bo’linadi. O’rta Osiyo tog’larining etagida cho’l mintaqasi, so’ngra tog’ dashtlari, undan yuqorida tog’o’rmonlari, so’ngra tog’o’tloqlari, yana ham yuqorida baland tog’cho’llari va, nihoyat, qor-muz mintaqalari joylashgan.