BARDA
BARDA (forscha) — asir, qul, xizmatkor. O’rta asrlarda Dashti Qipchoq ko’chmanchilari o’zaro urushlarda hamda Movarounnahr va Xorazmning o’troq tumanlariga qilingan talonchilik yurishlarida asir olingan kishilarni o’z yurtlariga olib borib qul qilar, sotib yuborar yoki o’z xo’jaliklarida (badavlat kishilar) ishlatar edilar. Asir olinib, sotib yuborilgan yoki qulga aylantirilgan ana shunday kishilar Barda deb atalgan.
BARDA (ruscha) — qand va spirt zavodlari chiqindisi, qishloq xo’jalik hayvonlariga ozuqa sifatida ediriladi. Bardaning ozuqalik qiymati sharbat va spirt olinadigan mahsulotning turiga bog’liq. Masalan, lavlagi, kartoshka, javdar, makkajo’xori va arpa Bardasining tarkibida 88,2-95,3% suv, 1,2 – 2,7% oqsil, 0,4— 1% yog’, 1,8 — 6,5% azotsiz ekstraktiv moddalar, 0,6 — 1,1% klechatka, 0,4 — 1,7% mineral (kul) moddalar, shuningdek mikroelementlar bor, 100 kilogramm yangi Barda 3,2 — 12,2 ozuqa birligiga teng. Bardaning to’yimligi va kimyoviy tarkibi uning qaysi xom ashyodan olinganiga bog’liq. Masalan, don Bardasi kartoshka Bardasiga qaraganda 2 marta to’yimli. Barda juda tez achib, mog’orlaydi, mollarga yangisi, quritilgan, shuningdek siloslangani beriladi. Asosan qoramollarni semirtirishda ko’proq ishlatiladi. Barda somon va pichanga qo’shib berilganda, u ancha xushxo’r bo’ladi. Bardani uzoq muddat saqlash uchun siloslanadi yoki quritiladi. Siloslashda Barda maxsus chuqurga to’kiladi, tindirilib quyultiriladi. So’ng Barda ustida hosil bo’lgan suv olib tashlanib, o’rniga yangi Barda quyiladi, mazkur holat chuqur to’lguncha takrorlanadi. So’ng havo kirmasligi uchun usti yaxshilab berkitiladi. Barda somon, poxolga qo’shib ham siloslanadi. Siloslangan Barda tarkibidagi quruq modda 18 — 22% gacha boradi. Quritilgan Bardaning ozuqalik qiymati suyug’iga qaraganda 10 — 15 baravar ko’p, qoramollarga 2,5 — 3 kilogrammgacha beriladi, bunday Barda tashish va saqlashga ham qulay. O’zbekistondagi spirt va qand sanoati korxonalari atrof tumanlardagi chorvachilik fermalariga ko’plab Barda yetkazib beradi. Ermuhammad Toshpo’latov.