BEDA ODIMCHISI

BEDA ODIMCHISI (Eudolia arenacearia Hd.) — kapalaklar turkumining odimlovchilar oilasiga mansub hasharot. Kapalagi sarg’ish, qanotlarini yoyganda 25 millimetr keladi. Kechasi uchadi. Tuxumini beda bargiga qo’yadi. Tuxumidan bir haftada lichinka chiqadi. Qurti yashil, ingichka bo’lib, 3 juft chin va 2 juft soxta oyoqlari bor. Egilib, so’ngra to’g’rilanib, odimlab yuradi. Tinch turganda oyoqlariga tayanadi. Rangi yashilligidan o’simlik orasida ko’zga chalinmaydi. Qurti beda bargi, guli va g’unchasi bilan oziqlanadi, keyin tuproqqa tushib, g’umbakka aylanadi va shu yerda qishlaydi. Tuxumiga qarshi trixogramma, qurtiga qarshi brakon yaydoqchilaridan foydalanib biologik kurash olib boriladi.