BEDANA
BEDANA (Coturnix coturnix) — tovuqsimonlar turkumining qirg’ovulsimonlar oilasiga mansub mayda parranda. Erkagining patlari sarg’ish-qo’ng’ir, ko’ndalang oq-sarg’ish yo’lli, tanasining ikki yoni bo’ylab qizg’ish yoki qora yo’llar o’tadi. Makiyoni qoramtir, ko’kragida qora yoki qizg’ish xollari bor. Bedana Yevropa, Afrika va Osiyoning g’arbiy qismida tarqalgan. O’zbekistonning cho’l, tog’oldi, yassitog’li mintaqalarida va to’qaylarda ko’p uchraydi. Hatti-harakati tovuqnikiga o’xshaydi. Og’irligi 80— 145 gramm. Aprel—may oylarida shimolga, kuzda avgust—sentabrda janubga gala bo’lib uchib o’tadi. Bedana qosh qorayganda, tunda serharakat bo’ladi, kunduzi pana joyda bekinib yotadi. O’simliklar urug’i va barglari, ba’zan hasharotlar bilan oziqlanadi. Yer ustidagi chuqurchaga xascho’p to’shab uya quradi. Makiyoni 9 — 20 ta gacha tuxum qo’yib, 15 — 17 kun bosib yotadi. Ko’payish davrida erkagi juda chiroyli sayraydi. Bedananing go’shti mazali, tuxumi tansiq taom. O’zbekistonda ishqibozlar Bedana ni tuzoq va matrap (to’r) bilan ovlaydilar, sayratish, urishtirish maqsadlarida to’rqovoqda boqishadi. Ayrim joylarda soqov yoki yapon (S. Japonicus) Bedanasi fermalarda go’shti va tuxumi uchun boqiladi. Toshkent viloyati yuqori Chirchiq tumanidagi “Do’stlik” xo’jaligida Bedana go’shti va tuxumi yetishtiradigan yirik ferma ishlaydi. Yaponiya, Italiya, Frantsiya, AQShda sanoat miqyosida yetishtiriladi. Tuxum beruvchi Bedana zotlari bir yidda 250 — 300 dona tuxum beradi, tuxumining og’irligi 10— 14 gramm. AQShda Bedananing og’irligi 250 gramm keladigan, go’shti uchun boqiladigan “Faraon” zoti yaratilgan.