BEDIL
BEDIL (taxallusi; asl ismi Mirzo Abdulqodir) (1644, Bengaliya, Azimobod shahri — 1721, Dehli) — shoir, mutafakkir. Harbiy xizmatchi oilasida tug’ilgan. Ota-bobosi Kesh (Shahrisabz)lik, turkiy barlos urug’idan. Yoshligidan turli fanlarga qshiqqan. Shayx Kamol, shoh Fozil va Mirza Abdulqosim kabi olimlardan ta’lim olgan. Hindiston bo’ylab ko’p sayohat qilgan, 1685 yildan umrining oxirigacha Dehlida yashagan. Fors tilida ijod qilgan. Arab, fors, hind, urdu tillarini mukammal bilgan, Sharq xalqlari adabiyotini, tasavvuf va yunon falsafasini, ayniqsa Aristotel falsafasini atroflicha o’rgangan. 10 yoshlaridan badiiy ijod bilan shug’ullangan. 20 yoshida she’rlarini saralab to’plashga kirishgan. Murakkab ijtimoiy-iqtisodiy sharoitda yashab ijod qilgan shoir o’z davriga befarq qaramagan, hindlar va musulmonlarning tinch-totuv yashashligini, yurtni obod, xalqni tinch-osoyishta, farog’atda, hamjihatlikda ko’rishni orzu qilgan. Inson erkinligi, tafakkuri haqida falsafiy fiqolar bayon etgan. Uning falsafiy-axloqiy qarashlari tasavvuf aqidalari ta’sirida shakllangan. Bedil dunyoqarashi tasavvufning vahdat ul-vujud ta’limotiga asoslanadi, ya’ni olamni Allohning ko’zgusi, inson qalbini shu ko’zguning markazi deb biladi. Inson qalbi qanchalik sayqal topsa, u shuncha Alloh nurini aks ettiradi. Shu bois Inson buyuk va qudratlidir. Ammo buni uning o’zi anglashi lozim, deydi. Bedil 120 ming misradan ortiq she’riy, ko’pgina nasriy asar yozgan.G’azal, ruboiy, qasida, qit’a, tarji’bandlarining o’zi 75 ming misrani tashkil etadi. Yirik asari “Chor unsur” (“To’rt unsur”, 1703) nasrda yozilgan bo’lib, she’rlar ham ilova qilingan. Kitobning dastlabki boblarida Bedil o’z hayoti haqida hikoya qiladi. So’nggi ikki bobda esa to’rt unsur — havo, suv, yer, olov to’g’risida; o’simliklar, hayvonlar va odamning paydo bo’lishi haqida so’zlaydi. Mutlaq ruh, ruh va narsa to’g’risida gapiradi, din hamda ruhoniylarning o’rni haqidagi o’z fiqolarini ifodalaydi. Kitobda parilar, jinlar, uyqu, tush ko’rish va boshqalar haqida hikoya va afsonalar ham mavjud. Bedil “Irfon” (“Bilim”, 1711 — 12; “Komde va Mudan”, “Nukot” asarlari ham shuning tarkibida) dostonida falsafa, tarix, tabiiyot, adabiyot va ilohiyotning xilma-xil masalalariga to’xtalgan. Asarda borliq, materiya, zarrachalar, jonli mavjudot va narsalar tabiati haqida, nabotot to’g’risida so’zlaydi. Borliq, yo’kliq, fano, baqo singari falsafiy masalalar haqida fikr bildiradi. Til va tilning xizmati, ahamiyatini talqin etadi, hissiy va aqliy bilish manbai, tuyg’u, tushuncha, aql haqida muhokama yuritadi. U hind falsafasidagi “Tanosux” nazariyasi hamda Islom falsafasidagi “tavakkul” ta’limotini tanqid qiladi. Tabiat hodisalarini tabiatning o’zini o’rganish yo’li bilan tushuntirish lozim deb biladi. Uningcha, dunyo abadiy bo’lib, to’xtovsiz harakat qiladi va o’zgarib turadi. “Komde va Mudan” dostonida do’stlik, muhabbat, vafodorlik, adolat, ilmma’rifat masalalari aks etgan. “Nukot” (“Hikmatli so’zlar”) asarida esa Bedil qarashlarini yakunlab, umumlashtirgan. Bunda Bedil o’z ta’limoti asoslarini ham qisqacha bayon qilgan. “Tilsimi hayrat” (1669), “Muhiti A’zam” (“Buyuk okean”, 1681), “Turi ma’rifat” (“Ma’rifat tog’i”, 1687), “G’azaliyot”, “Ruboiyot” va boshqa asarlarida ham ijtimoiy masalalar yoritilgan. She’rlarida tarbiya, xulq-axloq to’g’risidagi o’z fiqolarini bildiradi, jamiyatdagi jabr-zulm, adolatsizlik kabi illatlarni qoralaydi. Bedilning ijtimoiy masalalarga oid qarashlarida ma’rifatparvarlik, muruvvat va odamiylik asosiy o’rinni eg’allaydi. Asarlarining ko’pchiligi 16 jildli “Kulliyot”iga kirgan (Bombay, 1882). Hindiston bilan Turkiston qadimdan iqtisodiy, siyosiy va madaniy aloqada bo’lgan. Bu Turkistonda Bedil asarlarining tarqalishiga keng yo’l ochgan, ammo turli ijtimoiy guruh vakillari shoir merosidan o’z manfaatlari yo’lida foydalandilar. Bedil asarlarida Turkiston va Hindiston xalqlari o’rtasidagi aloqaga doir ma’lumotlar ham ko’plab uchraydi. U “Chor unsur” asarida Jayxun (Amudaryo), Turkiston to’g’risida, Samarqanddan Hindistonga qavm-qarindoshlari kelganligi to’g’risidagi ma’lumotlarni keltiradi. Bedil asarlari ayniqsa 19-asrdan O’rta Osiyoda keng tarqalgan. Ular falsafiy fikrga boyligidan Bedil Turkistonda “Abulma’oniy” (“Ma’nolar otasi”) degan nom olgan. Uning kitoblarini o’qib beruvchilar “Bedilxonlar” deb atalgan. Furqat, Muqimiy, Avaz, Ahmad Donish, Xislat va boshqalar o’z ijodida Bedilning ilg’or fiqolaridan foydalanganlar. Ahmad Donish Bedilning ilg’or ijtimoiy-falsafiy g’oyalarini o’rgangan, ulardan ijtimoiy hayotdagi kamchiliklarga qarshi olib borgan kurashida foydalangan, ilg’or g’oyalarni ommalashtirishni o’z burchi deb bilgan. Furqat Bedilning fan, ma’rifat, xalqlar o’rtasidagi hamkorlik haqidagi g’oyasini o’rgangan, ulardan dunyoviy bilimlarni o’rganish, xalqni ma’rifatga chorlash haqidagi asarlarida samarali foydalangan. Bedilning ijtimoiy tuzum haqidagi qarashlari Muqimiy, Asiriy va boshqa mutafakkirlarni ham qiziqtirgan. Ular Bedil ijodining murakkab uslubi va ziddiyatli tomonlari, ilg’or jihatlariga munosib baho berganlar. O’zbekistonda Bedil ijodi bo’yicha ilmiy tadqiqotlar (G’. G’ulom, I. Mo’minov va boshqalar) olib borildi. As: Komde va Mudan, T., 1960; Ruboyilar, T., 1974. Ad:. Shomuhamedov Sh., Fors-tojik klassiklari ijodida gumanizm, T., 1968; Mo’minov I., Mirzo Bedil, T., 1974; Shukurov Sh., Mirzo Bedilning poetik merosi, T., 1979. Najmiddin Komilov.