BEGONA O’TLAR
BEGONA O’TLAR, begona o’simliklar — odamlar ekmaydigan, ammo ekinlar orasida o’sib, ularga zarar yetkazadigan, ma’lum bir maydonda o’sishi maqsadga muvofiq bo’lmagan o’simliklar. Begona o’tlar madaniy o’simliklar hosilini kamaytirib, qishloq xo’jaligiga katta zarar yetkazadi. Jahon miqyosida Begona o’tlar tufayli hosil nobudgarchiligi 20 milliard dollarni yoki umumiy hosilning 14,5% ni, O’zbekistonda paxta va boshqa ekinlar hosilining 15 — 20% ni tashkil etadi. Begona o’tlar kuchli rivojlangan ildiz sistemasi bilan madaniy o’simliklarga nisbatan tuproqdagi oziq modda va namlikdan ko’proq foydalanadi, ularning rivojlanishi hamda yuqori hosil to’plashiga to’sqinlik qiladi. Masalan, yaxshi rivojlangan bir tup g’umay tuproqda 3 — 4 metr kvadrat maydonni egallashi mumkin. Parazit Begona o’tlar (zarpechak, shumg’iya) o’ta xavfli bo’lib, oziq moddalarni bevosita madaniy o’simlikning o’zidan so’radi va ularni nobud qiladi. Begona o’tlarning bir necha ming turi ma’lum. O’zbekistonda sug’oriladigan dehqonchilik hududida 269 ga yaqin turi uchraydi, jumladan, bir yillik Begona o’tlardan qorakurmak, itqo’noq, sho’ra, olabuta, ituzum, semizo’t, eshaksho’ra hamda ko’p yilliklardan g’umay, ajriq, qo’ypechak, salomalaykum va boshqa ekinlarga zarar yetkazadi. Hayot tarzi va yer osti vegetativ organlarining tuzilishiga ko’ra bir, ikki va ko’p yillik Begona o’tlarga bo’linadi. Bir yillik Begona o’tlar hayotida bir martagina meva, urug’ berib, ularning rivojlanishi bir yoki ikki vegetatsion mavsum davom etadi, xolos. Ularning ildizi yerning yuza qatlamlaridagina rivojlanadi. Ko’pchiligi urug’ yordamida ko’payadi (faqat zarpechak bundan mustasno). Bu guruhga 3 tipdagi Begona o’tlar kiradi. Efemerlar — umri yozgi qurg’oqchilik boshlanishi bilan tugaydigan, tez va qisqa rivojlanish tsikliga ega bo’lgan bir yillik Begona o’tlar. Bularning kuzgi va bahorgi formalari (yovvoyi bug’doyiq. yaltirbosh va boshqalar) mavjud. Efemerlar, asosan lalmikor ekinzorlarda tarqalgan. Uzoq o’sish tsikliga ega bir yillik Begona o’tlar efemerlardan farq qilib, rivojlanish tsikli uzoqroq davom etadi va odatda, kuzda tugaydi. Ba’zi turlari (bahorgi formalar) rivojlanishi erta bahorda, kunlar isishi bilan boshlanadi (masalan, zarpechak, tuyaqorin va boshqalar). Biroq ko’pchilik turlari kuzgi formaga mansub. Ikki yillik Begona o’tlar hayotining birinchi yilida to’pbarg hosil qilib, shu holda qishlaydi. Ikkinchi yili esa poyasi rivojlanadi, meva tugadi va nobud bo’ladi (masalan, ko’ztikan, shaytonkelmas, moxobel va boshqalar). Ularni yo’qotish uchui ko’p kuch va mablag’ sarflanadi. Ko’p yillik Begona o’tlar hayotida bir necha marta gullab, urug’laydi. Ular yer osti organlari bilan ham ko’paya oladi. Yer osti organlarining tuzilishi va ko’rinishiga qarab ko’p yillik Begona o’tlarni bir necha tiplarga bo’lish mumkin. O’q ildizli Begona o’tlar asosiy ildiz va undan chiqadigan ko’plab mayda ildizchalar hamda ildiz tukchalariga ega (masalan, zubturum, sachratqi va boshqalar). Bu o’simliklar vegetativ yo’l bilan ko’paymaydi. Popuk ildizli Begona o’tlarning mayda ildizlari kuchli rivojlangan bo’ladi (zubturum). Ildiz bachkililarning ildizi juda rivojlangan bo’lib, yerga chuqur o’sib kiradi, ularning ildiz kurtaklaridan rivojlanadigan bachkilari bor. Bachkilar ba’zi o’simliklarning asosiy ildizida, ayrimlarining butun ildiz tizimi bo’ylab (bo’ztikan) yoki maxsus ko’payish ildizlarida (yantoq, oqbosh, jinchak va boshqalar) hosil bo’ladi. Bunday Begona o’tlar o’ta yashovchanligi bilan boshqalaridan farqqiladi. Ildizpoyali Begona o’tlarning gorizontal sudralib o’suvchi, erga uncha chuqur kirmagan yer osti poya — ildizpoyasi bor: bular ba’zilarida kalta (g’umay), ayrimlarida esa uzun (ajriq, bug’doyiq). Namlangan tuproqqa tushgan ildizpoya bo’laklari tez va oson o’sish xususiyatigaega. Ildizmevali Begona o’tlarning yer osti piyozi yoki tuganaklari bo’ladi (yovvoyi piyoz, lola va boshqalar). Asosan, urug’ bilan, shuningdek tuganak yoki piyoz yordamida ko’payadi. Chimsimon ildizli Begona o’tlar popuk ildizli bo’lib, bularning yer ustki organlari yil sayin o’sib, chim hosil qiladi. Bunday Begona o’tlar vegetativ ko’payish xususiyatiga ega emas (savag’ich va boshqalar). Begona o’tlar O’zbekistonda sug’oriladigan dehqonchilik hududlarida ko’p uchraydigan begona o’tlar ularning yana boshqa tasniflari ham mavjud. Begona o’tlarga qarshi kurashda mexanik, agrotexnik va kimyoviy usullaridan foydalaniladi. Samarali kurash olib borish uchun ularning hayot tarzi, ayniqsa, ko’pgina Begona o’tlar qo’shimcha ko’payish organi bo’lgan ildiz tuzilishini bilish muhim ahamiyatga ega. Qarshi kurashda qo’llaniladigan barcha chora-tadbirlar ma’lum daladagi Begona o’tlar biologiyasini tahlil qilishdan kelib chiqishi kerak. Har bir dala uchun unda o’sayotgan Begona o’tlarga xos qarshi kurash choralari tizimi ishlab chiqiladi. Tanlangan usulda agrotexnik va kimyoviy choralar, shuningdek urug’lik materiallarning tozaligi hamda karantin tadbirlar e’tiborga olinadi. Muhim agrotexnik tadbirlardan biri yerni 30 — 40 santimetr chuqurlikda ko’sh yarusli pluglar bilan haydashdir. Yerni chuqur ag’darish Begona o’tlar urug’i va ildizpoya bo’laklarini chuqurga ko’mib, unib chiqishiga yo’l ko’ymaydi. Daladagi Begona o’tlarni kamaytirish uchun tuproqni ag’dargichsiz osma va tirkama pluglar yordamida yumshatiladi, ildizpoyalar (qamish, g’umay, ajriq va boshqalar) esa chizel yoki kultivatorlar, shuningdek tishli boronalar bilan taroqlanadi va yig’ishtirib olinib, yo’qotiladi. Erta bahorda Begona o’tlar maysani boronalash bilan yo’qotiladi. Ekinlar vegetatsiyasi davrida esa Begona o’tlar o’toq qilinadi. Bir, ikki va ko’p yillik Begona o’tlarga qarshi kimyoviy kurash usulida tanlab ta’sir qiluvchi gerbitsidlarlan foydalaniladi. Paxta dalalaridagi bir yillik Begona o’tlarga va ko’p yillik Begona o’tlarning maysasiga qarshi bahorda go’za maysalari paydo bo’lgunga qadar treflan va prometrin preparatlari tavsiya qilinadi. Sho’rlangan va yengil qumli tuproqqa esa kotoforagm foydalansa bo’ladi (ba’zi Begona o’tlarga qarshi kurash choralari haqida begona o’t to’g’risidagi alohida maqolalarga q.). Ad:. Hamidov A., O’zbekistondagi begona o’tlar, T, 1973; Qobulov J. S. Sulaymonov E., Begona o’tlar va ularga qarshi kurash, T., 1976. Sulton Alimuhamedov, Otaxon Abdullayev.