BEHZOD KAMOLIDDIN

BEHZOD KAMOLIDDIN (1455— Hirot— 1536)—buyuk miniatyurachi musavvir, Sharq uyg’onish davri yetuk san’atkori. Hirot miniatyura maktabi asoschisi; muzahhiblar yetakchisi, ustozi. “Ikkinchi Moniy” degan faxriy unvonga sazovor bo’lgan. Tarixchilardan Mirzo Muhammad Haydar, do’st Muhammad va Qozi Ahmadning ma’lumotlariga ko’ra, Behzodni Sulton Husaynning kitobdori Mirak Naqqosh o’z tarbiyasiga olgan. Behzod musavvirlikni pir Sayd Axmad Tabriziydan o’rgangan, o’z ijodida musavvir Xalil Mirzo Shohruxiy badiiy uslubini davom ettirib, uni rivojlantirgan va kamolga yetkazgan, yosh musavvir iste’dodi juda tez shakllangan. Bunda Alisher Navoiyning murabbiylik faoliyati ham hal qiluvchi ahamiyatga ega bo’lgan. Navoiyning shaxsiy kutubxonasida o’sha davrning yetuk san’atkorlari Mirak Naqqosh, Hoji Muhammad kabi musavvirlar, Hofiz Muhammad, Zayniddin Mahmud, Sulton Muhammad Nur kabi xattotlar ijod bilan band bo’lganlar. Behzod shu kutubxonada, ayniqsa, xattot Sultonali Mashhadiy va yoriy Muzahhib bilan yaqin ijodiy hamkorlikda bo’lgan. Behzod ijodining mavzu doirasi, qahramonlari shu yerda—Navoiy va boshqa san’atkorlar ijodi ta’sirida kamol topgan. Behzod musavvir sifatida tanilgach, Sulton Husayn saroyiga xizmatga chaqirilgan. 1487 yil Sulton Husayn farmoni bilan Behzod saltanat kutubxonasiga rahbar etib tayinlangan. Keyinchalik bu joy o’z davrining badiiy akademiyasiga aylanadi. Uni mutaxassislar “Nigorxonayi Behyud” yoki “Behzod akademiyasi” deb ataganlar. Musavvir Hirotda Navoiy va Sulton Husayn hayotlik davrida qizg’in ijod bilan band bo’ldi, ko’plab mo”tabar qo’lyozmalarni yaratishga rahnamolik qildi, ma’lum qismini nafis rasmlar bilan ziynatlashda shaxsan ishtirok etdi, qator zamondoshlarining—Navoiy, Jomiy, Sulton Husayn va boshqalarning chexrakushoy (portret)larini yaratdi, bir guruh yoshlarga rassomlik sirlarini o’rgatdi. 1507-10 yillarda Behzod Hirotni egallagan Muhammad Shayboniyxon xizmatida bo’ldi. Bu davrdan bizgacha Behzod yaratgan Shayboniyxon portreti yetib kelgan. 1510 yil Hirot shahri Safaviylar qo’liga o’tadi. 1520 yilda Shoh Ismoil yosh Shahzoda Tahmosibga rasm o’rgatishi uchun Behzodni o’z saltanati poytaxti Tabriz shahriga taklif etadi, 1522 yil esa maxsus farmon bilan rassomni o’z kutubxonasidagi kitobat axli (kotib, naqqosh, muzaxlib, jadvalkash, halkor, zarko’b, lojuvardsho’y va boshqalar)ga mutasaddi etib tayinlaydi. 1524 yil Shoh Ismoil vafotidan keyin Shoh Tahmosib davrida ham Behzod katta obro’ va e’tiborga ega bo’lgan. Tabrizda Behzod Sulton Muhammad, og’a Mirak va Mir Mansur kabi musavvirlar bilan hamkorlikda ijod qildi. Qozi Ahmadning ma’lumotiga ko’ra, Behzod hayotining oxirida ona shahri Hirotga qaytgan va shu yerda vafot etgan. Musavvirning qabri Ko’hi Muxtor (Murod tog’i; Afg’onistin hududida)ning xushmanzara joyida. O’rta Sharkda 17-asrgacha rassomchilikda asosiy taraqqiyot yo’nalishini belgilab bergan Behzod ijodi uning zamondoshlari tomonidan yuqori baholangan. Behzod o’zidan oldingi rassomlar an’analarini davom ettirdi va boyitdi. Asarlarining tarxi murakkab, erkin harakatlarga boy, yorqin, jozibador ranglardan tuzilgan bo’lib, ular o’zaro uyg’un. Tabiat jonli, hayot manzaralari aniq va haqqoniy, ishonarli va ta’sirchan tasvirlangan. Chiziqlar nihoyatda nozik, ranglar nafis ishlangan. Portretlarida inson ma’naviy qiyofasi, ruhi, his-tuyg’ulari, xulq-atvorini aks ettirishga ahamiyat bergan. Sa’diyning “Bo’ston” asari qo’lyozmasi (1478, Dublindagi Chester Bitti kutubxonasida) rasmlari; Attorning “Mantiq uttayr” asari qo’lyozmasiga (1483, Nyu-Yorkdagi Metropoliten muzeyida) 1487 yil chizilgan rasmlar; Navoiyning “Xamsa” qo’lyozmasiga (1485, Oksforddagi Bodli kutubxonasi va Manchesterdagi jon Reylands kutubxonasida) ishlangan 13 rasmning “Payg’ambar o’z sahobalari bilan”, “Xoja Abdulloh Ansoriy darvishlar bilan suhbatda”, “Moniy Baxromga Diloromning rasmini ko’rsatmoqda” va boshqa miniatyuralar Behzodga nisbat beriladi. Sa’diyning “Bo’ston” asarining Misr nusxasi (1488, Qohiradagi Milliy kutubxonada) rasmlari (qo’lyozmani xattot Sultonali Mashhadiy ko’chirgan, naqshlarni yoriy Muzahqib yaratgan)-12 rasmdan 6 tasida Behzod imzosi bor: “Sulton Husayn saroyida ziyofat” (qo’sh rasm), “Doro va otboqarlar”, “Masjiddagi bahs”, “Olimlar suhbati”, “Zulayhoning Yusufga iltijosi” nomli rasmlar Behzod tomonidan yaratilgan; Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asari qo’lyozmasining (1467, AQSh, Baltimordagi jon Xopkins universitetida) xattot Sherali ko’chirgan nusxasidagi 12 miniatyuraning 8 tasi (15-asr 90-yillari) Behzod asaridir. Rasmlarda rasmiy qabul, jang lavhalari, qal’a qamali bilan bir qatorda Samarqanddagi Bibixonim maejidi qurilishini tasvirlovchi qo’shaloq rasm ham mavjud; Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarining xattot Sulton Muxammed Nur ko’chirgan nusxasiga (1528, Hirot, Tehrondagi Saltanat kutubxonasida) Behzod rasmlar chizgan; Nizomiyning “Xamsa” asari nusxasiga (1442, Londondagi Britaniya muzeyida) 1493-1535 yillar davomida ishlangan 19 miniatyuradan 3 tasi Behzod ijodi mahsuli: “Layli va Majnun qabilalari jangi”, “Suvoriylar jangi” va “Bahrom go’rning ajdar bilan olishuvi”. Bularda “Savarraxu alabd Behzod” degan yozuv bor. Nizomiyning “Xamsa” asari nusxasidagi (1494, Londondagi Britaniya muzeyida) 22 rasmdan 7 tasida Behzod nomi qayd etilgan; Amir Xusrav Dehlaviyning “Layli va Majnun” dostoni qo’lyozmasiga (1495t Sankt Peterburgdagi Saltikov Shchedrin nomidagi xalq kutubxonasida) Behzod “Layli va Majnun maktabda”, “Do’stlari va otasi Majnunga nasihat qilmoqsalar” nomli rasmlarni chizgan; Amir Xusrav Dehlaviyning “Layli va Majnun” dostonining Sulton Muhammad Hiraviy ko’chirgan qo’lyozmasi (Sankt Peterburg) da Behzodga nisbat berilgan “Madrasadagi bahs”, “Layli va Majnun maktabda”, “Layli va Majnun sahroda”, “Majnun Laylining iti bilan” va “Majnunning elchisi Layli huzurida” nomli miniatyuralar bor; Sa’diyning “Guliston” asari qo’lyozmasining (1486, Garvarddagi Fogg san’at muzeyida, sobiq Rotshild majmuasidan) xattot Sultonali Mashhadiy ko’chirgan nusxasiga Behzod 2 rasm ishlagan; Amir Xusrav Dexlaviyning “Xamsa” asari qo’lyozmasidagi (1495, Dublindagi Chester Bitti kutubxonasida) 13 rasmning 4 tasida Behzod asarlariga xos xususiyatlar mavjud; “Sulton Husayn bog’da” qo’shaloq rasm (1485-90, Tehrondagi Guliston muzeyi, muraqqada); “Chol va yigit” rasmi (Nyu Yorkdagi Kevorkyan majmuasida); “Tuyalar olishuvi” rasmi (Tehrondagi Guliston muzeyida); Sulton Husayn portreti (Shvesiyadagi F. Martin majmuasida); Muhammad Shayboniyxon portreti (Timken Burnet majmuasida); Abdurahmon Jomiy portreti (Erondagi Rizo kutubxonasida); “Sulton Husayn va Alisher Navoiy” qo’shaloq rasm (Sankt Peterburgda). Bulardan tashqari, Behzod asarlari jahrn ku Xavarnaq qasrining qurilishi (Nizomiyning “Xamsa” asariga Behzod ishlagan miniatyura). tubxonalari, qo’lyozma fondlari, muzeylari va shaxsiy majmualarda ham mavjud. Ustod san’atkor sifatida Behzod Hirot va Tabrizda qator shogirdlarni tarbiyalab yetkazdi. Uning shogirdlari Behzod an’analarini butun O’rta Sharqqa yoydilar. Behzod an’analari keyingi davr rassomlari ijodiga ijobiy ta’sir ko’rsatdi. Behzod ijodi va merosi san’atshunoslar, rassomlar tomonidan keng o’rganiladi. Behzod nomini abadiylashtirib, O’zbekiston Prezidenta Islom Karimovning farmoni (1997 yil 23 yanvar)ga binoan Kamoliddin Behzod nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etildi; Milliy rassomlik va dizayn institutiti Behzod nomi berildi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori (1997 yil 23 dekabr) ga binoan, Toshkent, Samarqand shaharlarida va xorijiy mamlakatlarda YUNESKO homiyligida Behzod tavalludining 545 yilligi keng nishonlandi (2000 yil noyabr), uning va izdoshlarining ijodini o’rganish, merosiga oid ashyolarni to’plashga hamda Toshkent shahrida Behzod nomidagi memorial bog’ barpo etishga kirishildi. 2000 yil 23 noyabrda Toshkentda Temuriylar tarixi davlat muzeyida Behzodga bag’ishlab Buyuk Britaniya, Turkiya, Hindiston, Ozarbayjon, Tojikiston va O’zbekiston san’atshunos olimlari ishtirokida xalqaro ilmiy konferentsiya o’tkazildi. Yubiley munosabati bilan Behzod hayoti va ijodiga bag’ishlangan bir qancha tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, “Kamoliddin Behzod” hujjatli filmi yaratildi (2 qismli, 2000). Ad:.Norqulova., Kamoliddin Behzod, T., 1964; Alisher Navoiy dostonlariga ishlangan rasmlar (albom muallifi Hamid Sulaymon), T., 1970; Norqulov N., Nizomitdinov I., Miniatyura tarixidan lavhalar, T., 1970;Usmonov A., Kamoliddin Behzod va uning naqqoshlik maktabi, T., 1977; Kamaliddin Bexzad: K 525 letiyu so dnya rojdeniya. Materiali nauchnoy konferentsii, T., 1984; Ashrafi M. M., Bexzad i razvitie Buxarskoy shkoli 16V., Dushanbe, 1987; Usmonov O., Madraimova., Kamoliddin Behzod, T., 2000; Ko’ziev T., Behzod va tamaddun. T., 2000. Abdumajid Madraimov.