BEKOBOD SHAMOLI
BEKOBOD SHAMOLI – Turkiston o’lkasidagi kuchli shamollar. Farg’ona vodiysining G’arb tomonidagi (eni 9 — 40 kilometr, uzunligi 70 — 75 kilometrli) Farg’ona yo’lagi (Xo’jand yo’lagi) orqali esadi. Vodiydan Sirdaryo viloyati tomon esadigan Sharqiy va Janubiy Sharqiy shamol Bekomod shamoli yoki “Xovos shamoli”, Farg’ona vodiysi tomon esadigan shamol esa “Qo’qon shamoli” deyiladi. Farg’ona vodiysi shimoli Sharq va Janubdan baland 3000 — 5000 metr tog’lar bilan o’ralgani uchun vodiyning havosi boshqa joylarnikidan farq qiladi. Shim.dan keladigan Arktika sovuq havo oqimi Sirdaryo viloyatidagi Dalvarzin cho’li hududlariga kelganda past bosimli (970 MB) iliq havo bilan to’qnashadi. Bu vaqtda Farg’ona vodiysidagi baland bosimli (985 MB) sovuq havo g’arbga yo’naladi va Farg’ona yo’lagidan qisilib chiqib, Xovos tomon katta kuch bilan esadi. Arktikadan kelgan sovuq havo Farg’ona vodiysiga kirib borganda Qo’qon shamoli hosil bo’ladi. Yozda vodiydagi issiq havo yuqoriga ko’tariladi, uning o’rniga Sirdaryo viloyati va Dalvarzin cho’li hududlaridagi havo yo’lak orqali vodiy ichkarisiga kirib boradi. Bir yilda o’rtacha 52 kun shunday kuchli shamol esadi, ko’pincha noyabrda boshlanib martda tugaydi. Shamolning tezligi 15 — 20 metr/sekund, ba’zan 45 metr/sekund. Bekomod shamoli 2 kundan 5 kungacha davom etadi va qishloq xo’jaligiga katta zarar yetkazadi. Bekomod shamoli ariq va kanallarni qumga ko’mib, avtomashina, vagon, daraxtlarni yiqitgan, telefon va telegraf ustunlarini ag’darib tashlagan paytlar ham bo’lgan. Shamol kuchli esganda changto’zon ko’tariladi. Imoratlar ustidagi shifer va tunukalar ko’chib ketadi, deraza oynalari sinadi. Bekomod shamolidan Sirdaryo viloyati hamda Farg’ona vodiysi — Qo’qrn atrofidagi ekinlar zarar ko’radi. Ayniqsa bahorda g’o’zalarni nobud qiladk. Tuproqning unumdor ustki qismini shamol olib ketishidan yerlar yaxshi unum bermaydigan bo’lib qoladi. Bekomod shamoli kuchini kamaytirish uchun dalalar 100 — 120 metr enlikda kartalarga bo’linadi, keyin 5 — 10 metr joy qoldirib ihota daraxtlari ekiladi. Daraxtlar shamolning kuchini kesadi, tuproq namining bug’lanib ketishini va o’simliklar orqali suvning bug’lanishini kamaytiradi, yerga yaqin qatlamda havoning nisbiy namligini oshiradi.