BEKOVICH – CHERKASSKIY HARBIY YURISHI

BEKOVICH – CHERKASSKIY HARBIY YURISHI (1714-17) Rossiya hukmdori Petr I tomonidan Amudaryoning quyi oqimi sohiliga uyushtirilgan harbiy yurish. Harbiy yurishga Bekovich Cherkasskiy rahbar bo’ladi. Uning asl ismi Davlat Kizden (Girey) Mirza, cho’qintirilgach, Aleksandr Bekovich-Cherkasskiy nomini olgan. 1714 yil katta qo’shin bilan Xiva va Buxoro xonliklarini bosib olish uchun jo’natiladi. Turkman elchisi Xojanafas 1713 yil Astraxonda bo’lganida rus ma’murlariga Xiva yaqinidagi erket mavzeida oltin koni borligini aytadi. 1716 yil 14 Fevralda Bekovich-Cherkasskiy Petr I dan quyidagicha topshiriq oladi: Amudaryo eski o’zanini tekshirib, uning qumida oltin bor yo’qligini aniqlash; Amudaryoning Orolga quyilish joyida istehkom qurish; Xiva va Buxoro xonlarini rus tobeligiga o’tkazish; Hindistonga boradigan savdo yo’lini o’rganish. Petr I Bekovich-Cherkasskiy ixtiyoriga 4000 nafarli muntazam qo’shin, 2000 nafarli yoyiq kazagi, bir necha dengiz zobiti, 2 muhandis, 2 savdogarni topshiradi. Bekovich-Cherkasskiy Astraxonda turib, Xiva xonligi shimol chegaralarini o’rganadi; Kaspiy dengizi xaritasini tuzadi. Evaziga gvardiyachi kapitan unvoniga erishadi. 1717 yil bahorida Bekovich-Cherkasskiy mayor Tevkeleevni Eron va Hindistonga josus qilib jo’natadi; o’zi esa o’n mingli qo’shin bilan Xiva xonligiga yurish qiladi. Xivadan 120 chaqirimcha bo’lgan qayrag’och darasida Sherg’ozixonga 24 minglik qo’shini bilan to’qnashadi. Uch kunlik jangda har ikki tomon katta talofat ko’radi. Xon Bekovich-Cherkasskiyni muzokara yuritish uchun Xivaga boshlaydi. Xivada xon dushmanni g’aflatda qoldirish maqsadida muhim harbiy strategik hiyla — rus qo’shinlarini besh shaharga bo’lib yuborishni taklif qiladi. Rus qo’shinlari bo’lib yuborilgach, sarbozlar ularga tashlanib, barchasini qilichdan o’tkazadilar. Omon qolganlari borib, fojiani rus ma’murlariga yetkazadilar. Xiva xoni Bekovich-Cherkasskiyni 1717 yil 29 avgustda katl etadi. Shu tarzda uning harbiy yurishi barbod bo’ladi. Ad.: Poslannik Petra I na Vostoke. Posolstva Florio Bsnevenk v Persiyu i Buxaru v 1718 1725 gg., M., 1986. Naim Norqulov.