BEL

BEL — tananing bir qismi; bel umurtqalari (orqa o’siqlari bilan), ularga yopishgan va ulardan boshlangan muskullar (qorin bo’shlig’ining orqa devori)dan iborat. Belni yuqoridan ko’krak qafasining pastki chegarasi — 12-qovurg’a, pastdan — yonbosh suyaklarining tepa qirrasi, o’rtadan — bel umurtqalarining o’tkir qirrali o’siqlari va yonboshdan — 11-qovurg’a uchidan yonbosh suyaklarining tepa qirrasiga o’tkazilgan vertikal chiziq chegaralab turadi. Belda gavdani tikka ushlab turuvchi muskul tutamlari, ularni qoplagan pardalar, yog’qatlamlari, qon tomirlari, nerv tolalari bor. Gavdaning tik turishida, shuningdek qaddi-qomat shakllanishida Belning ahamiyati bor.

BEL, belkurak — mehnat quroli; temirdan yasaladigan yog’och (ba’zan temir) dastali asbob. Bir necha xili bo’lib, o’tkir uchlisi ariqochish, yer chopish va qazish, ag’darish, yumshatishda; yuzi botiq xili shag’al, qum, ko’mir, ohak, ganch kabilarni surish, yuklash va boshqalarda; kichik yuzli Bel (kapcha) devor (paxsa) urishda; taxtafanerdan yasaladigan Bel (kurak) qor kurashda, g’alla, yemlarni to’plashda ishlatiladi. Belning harbiy ishda foydalaniladigan (masalan, okop, blindaj qazishda ishlatiladigan) xili ham bor.

BEL — tog’ning o’tish oson bo’lgan pastroq qismi. O’rta Osiyo xalqlari tillarida Bel, dovon (ovg’a), aqba, oshuv, Art, ko’tal ko’pincha bir ma’noda keladi. Samarqand viloyatining ba’zi bir joylarida Bel bi dovon terminlari farq qilinadi: tog’dan oshiladigan yo’lning eng baland qismi Bel, undan pastroqdagi maydoncha esa dovon deyiladi.

BEL — elektrotexnika, radiotexnika va akustikada energiya yoki quvvatlar nisbati logarifmi bilan o’lchanadigan birlik. B bilan belgilanadi. Bel ikki W, va W2 energiyalar nisbati logarifmidir: N=lg (W, W2); bunda: W, beriladigan miqdor, W2 — o’lchanadigan miqdor. Belning ulushi desibel deyiladi. A. Bell nomi bilan atalgan.