BELORUSSIYA MILLIY FANLAR AKADEMIYASI

BELORUSSIYA MILLIY FANLAR AKADEMIYASI — Belorussiya Respublikasidagi o’zo’zini boshqaruvchi oliy ilmiy muassasa. Tabiiy, texnika va ijtimoiy fanlarning asosiy yo’nalishlari bo’yicha tadqiqotlar olib boradi va ularni muvofiqlashtiradi. 1929 yil Minsk shahrida Belorussiya madaniyat instituti negizida tashkil etilgan. 1997 y.ilga qadar Belorussiya Fanlar Akademiyasi deb atalgan. Akademiya tarkibida 11218 xodim, jumladan 5961 ilmiy xodim, 55 akademiya, 96 muxbir a’zo, 375 fan doktori, 2557 fan nomzodi ishlaydi (1997). Akademiya tizimida 6 bo’lim: fizika, matematika va informatika; mashinasozlik va energetikaning fizik-texnik masalalari; kimyo va geologiya fanlari; biologiya fanlari; ijtimoiy fanlar; tibbiyot masalalari bo’limlari bor. Konstruktorlik byurosi va bo’limi (tadqiqot korxonalari bilan)dan iborat konstruktorlik-tadqiqot bazasi mavjud; institutlar qoshida 10 maxsus konstruktorlik byurosi (tadqiqot korxonalari bilan) ishlaydi. Akademiya tizimida “Beloruskaya navuka” nashriyot matbaa ishlab chiqarish birlashmasi, Ya. Kolas nomidagi Markaziy kutubxona, Markaziy ilmiy arxiv, qadimgi Belorus madaniyati, Belorussiya Fanlar Akademiyasi tarixi muzeylari bor. Fanlar Akademiyasi “Dokladi an Belorus, “Vestnik an Belarusi (5 seriyada), “Differentsialniye uravneniya”, “Injenerno-fizicheskiy jurnal”, “Jurnal prikladnoy spektroskopii”, “Trenie i iznos” jurnallarini, ko’p tirajli “Navshi an Belarusa” gazetasini nashr etadi. Fanlar Akademiyasi prezidenti — Aleksandr Pavlovich Voytovich (1997 yildan).