BENDER
BENDER (Benderi) — Moldaviya Respublikasidagi shahar. Dnestr daryosi bo’yidagi pristan. Temir yo’l tuguni. Aholisi 133 ming kishi (1991). Bender — respublikaning sanoat markazlaridan biri. Oziq-ovqat, yengil sanoat (go’sht kombinati, yog’, vino, konserva zavodlari, shoyi kombinati, ip yigirish, poyabzal, tikuvchilik fabrikalari), mashinasozlik, “Moldgidrolizmash” ishlab chiqarish birlashmasi, “Elektroapparatura”, kabel, kema tuzatish, kemasozlik zavodlari, yengil sanoat texnikumi, tibbiyot bilim yurti, tarix o’lkashunoslik muzeyi suratlar galereyasi bor. Benderga 15-asrda qal’a sifatida asos solingan. 1538 yilgacha va 1918 — 40 yillarda Tigina deb atalgan.