BENEVENI FLORIO
BENEVENI FLORIO (?—?) podsho Rossiyasi poytaxti Sankt-Peterburgdagi “Elchilik mahkamasida sharqni o’rganuvchi ekspedistiya” kotibi. Pyotr I Benevenini Buxoroga elchi sifatida yuborgan (1718) va o’z imzosi bilan maxsus yo’riqnoma tuzib borgan. Bu yo’riqnoma 7 bo’limdan iborat bo’lgan. Unga ko’ra, Beneveni Buxoro xonligining chegarasini, atrofidagi davlatlarni va ular bilan bo’lgan munosabatlarini, yer osti boyliklarini, Amudaryoda oltin bor-yo’qligini, harbiy jihatdan qanchalik qudratga ega ekanligini bilib kelishi kerak bo’lgan. Beneveni Kavkaz va Eron orqali Buxoroga (1721), keyin Xivaga ham o’tgan. Beneveni Rossiyaga Pyotr I vafotidan keyin qaytgan (1725). Beneveni sayohat qilgan davlatlari haqida geografik, etnografik va tarixiy ma’lumotlar to’plagan. Beneveni Pyotr I ga yuborgan xabar va xotira daftarlarida Buxoro va Xivada bo’lgan siyosiy voqealarni ta’riflab bergan. Benevenining bu ma’lumotlari shu davrdagi xonliklar tarixini o’rganish uchun hamda kelajakda O’rta Osiyo va Qozog’istonning Rossiya tomonidan istilo etilishida muhim manba hisoblangan.