BENGAL ADABIYOTI

BENGAL ADABIYOTI – Hindistonning g’arbiy bengaliya shtati va Bangladeshda yashaydigan beng’allarning milliy adabiyoti. Bengal adabiyotining yozma ilk namunasi “Chorjapod” (“Liniy marosim qo’shiqlari”, 12-asr) xalq she’riyatining yorqin namunasi hisoblanadi. Bengal adabiyotida 10-asrda Zarbulmasal, afsona kabi she’riy janrlar rivojlandi. Tibbist. falakiyot va boshqa ilmlar haqida maslahatlar to’plami — “DAK hikmatlari” va “Khon hikmatlari” yaratildi. 12-asrda Jayadevaning “Gitagovinda” (“Cho’pon haqida qo’shiq”) asari Bengal adabiyoti taraqqiyotiga qo’shilgan muhim hissa bo’ldi. 13 — 14-asrlar Bengal adabiyotida Xudo Vishna, Monoshi (ilonlar ma’budasi), Chondi (hayvonlar homiysi) kabilarga barishlangan diniy-mifologik asarlar (“Monoshining shuhrati”, “Chondining shuhrati”) yaratildi. 14 — 15-asrlarda Vidyapati va Chondidash kabi yirik shoirlar etishdi. 15 — 16-asrlarda qadimgi hind eposlari — “Ramayana”, “Mahabharata” Bengal tiliga tarjima qilindi. 15 — 17-asrlarda bhaktiy (Xudoga muhabbat) diniy islohot oqimi rivojlana boshladi. Bu davrda Monoxor Dash, Gokulanondo Shen, Kritibash Ojha, Mukundoram Chokroborti, Krishnodash Kobiraj kabi shoirlarning asarlari keng tarqaldi. 18-asrga kelib, inglizlar mustamlakachiligi Bengal adabiyotiga salbiy ta’sir ko’rsatdi. 19-asrda Rammoxan Ray. Okxoykumar Dotto (1820 — 86), Ishshorchondro Biddashagor (1820 — 91), Ishshorchondro Gupto (1811 — 59) kabi yozuvchi, shoirlar samarali ijod qildilar. Bu yillarda ko’plab tarjima asarlar yaratildi, adabiy badiiy jurnallar nashr etildi. 1857 yilda Ramnarayon Tarkorotnoning “ulug’zot” degan birinchi Bengal ijtimoiy dramasi yuzaga keldi. Bhudeb Mukxopaddhayya, Bonkimchondro Chottopaddhayya, Romeshchondro Dotto, Perichand Mittro, Kaliproshonno Shinxo, Okhoychondro Shorkar kabi yozuvchilarning vatanparvarlik ruhidagi tarixiy romanlari paydo bo’ldi. Realizmning buyuk namoyandasi Rabindranat Tagor ijodi 19 — 20-asrlar Bengal adabiyotida katta voqea bo’ldi. Shorotchondro Chottopaddhayya ijodi ham Tagor ijodiga hamnafas bo’ldi, uning “Birajning xotini”, “Himoyasiz bechora”, “Yondirilgan uy” kabi romanlarida mazlum xalqning erk uchun kurashi o’z ifodasini topdi. Ikkinchi jahon urushi davrida Bengal adabiyotida urushga qarshi ruhdagi asarlar yaratildi (Shudhindranath Dotto, Buddhodeb Boshu, Bishnu De, Jibonanondo Dash, Gopal Xaldar va boshqalar). Hindistonning mustaqillikka erishuvi (1947) tufayli Bengal adabiyotida ham yangi davr boshlandi. Mustaqillik davrida Tarashonkor Bondopaddhayya, Abul Fazl, Manik Bogdopaddhayya, Narayon Bondopaddhayya. Nazrul Islom, Bimolchondro Gxosha kabi yozuvchi va shoirlar yetishib chiqdi. Mani Shankar asarlarida (“Chaurani”, 1962 va boshqalar) mustaqillikka erishgan Hindistondagi vatandoshlari hamda oddiy mehnatkash xalqning hayoti aks etgan. Utpal Datt (“Ko’tarilish”, 1965; “Olmos shamshir”, 1971), badal Sarkor (“Boshqacha yo’sindagi tarix”, 1967) kabi Bengal dramaturglari hind teatr san’ati rivojiga munosib hissa qo’shdilar. R. Tagor, Manik Benerji, B. Ghosha va boshqalar bir qator Bengal yozuvchilarining asarlari o’zbek tiliga tarjima qilingan.