BENGAL TILI

BENGAL TILI (Bengal, Bangla, banga, Bxasha) — beng’allar tili. Hind Yevropa tillari oilasiga mansub, hind yoki hindoriy tillaridan iborat. Bangladesh Xalq Respublikasining va Hindistondagi G’arbiy Bengaliya shtatining rasmiy tili. 150 milliondan ortiq kishi gaplashadi. Bengal tili ikki—g’arbiy va Sharqiy lahjalar guruhiga bo’linadi. Tuzilishi jihatidan analitik, biroq keyingi davrlarda fleksiya shakllari ko’payib bormoqda. Bu asosan analitik shakldagi ot va fe’llarni tutashtirish va shu asosda agglyutinativ qo’shimchalar yasalishi orqali amalga oshadi. Bengal tilida cho’ziq unlilar yo’q, so’z o’zagidagi unlilar almashinuvi so’z yasalishi bilan bog’liq unlilar uyg’unlashuvi tarzida kuzatiladi. Otlarda jins kategoriyasi, fe’llarda ko’plik shakli deyarli yo’q. Adabiy til g’arbiy lahjalarga va arxaik tizimga tayangan. Alifbosi brahmi yozuvidan kelib chiqqan, o’ziga xos ko’rinishga ega.