BENIN
BENIN (Benin). Benin Respublikasi (Republique du Benin) (1975 yilgacha Dagomeya) — G’arbiy Afrikadagi davlat. Atlantika okeanining Gvineya qo’ltig’i sohilida joylashgan. Ma’muriy jihatdan 6 viloyatga bo’linadi. Maydoni 112,6 ming kilometr kvadrat. Aholisi 5,5 million kishi (1996). Poytaxti Portonovo shahri (prezident va hukumat qarorgohi Kotonu shahrida). Davlat tuzumi. Benin — respublika. Amaldagi Konstitutsiya 1990 yilda qabul qilingan. Davlat boshlig’i — prezident, u 5 yil muddatga saylanadi, yana bir muddatga qayta saylanishi mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — bir palatali parlament — millat Majlisi. Ijroiya hokimiyatni prezident boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Benin qirg’oqlari kam parchalangan. Sohil bo’yida dengizdan ajralib hosil bo’lgan bir qancha sayoz ko’llar bor. Benin maydonining ko’p qismi—500 metr balandlikkacha bo’lgan plato. Eng baland joyi—635 metr (shimoliy G’arbdagi Atakora tizmasida). Janubda kengligi 50-100 kilometr bo’lgan sohil bo’yi pasttekisligi bor. Ma’dan boyliklari yaxshi o’rganilmagan. Neft, temir rudasi. oltin, olmos konlari bor. Iqlimi — ekvatorial iqlim. Yanvarda o’rtacha harorat 24°, iyulda 30°. Yiliga 1000-2000 millimetr yog’in yog’adi. Asosiy daryosi — Veme, quyi oqimi kema qatnoviga yaroqli. Qizg’ish laterit tuproqlar ko’p. O’simliklari asosan baland bo’ili o’tlar o’sadigan savannalardan, sohnl bo’yi doimiy yashil sernam tropik o’rmonlardan iborat bo’lib, u mamlakat hududining 20% ni egallaydi. Savannalarda karkidon, qoplon, sirtlon va boshqalar bor. Aholisi. Beninda asosan fon, maxe, aja, ivi, aizo, filopi. fulbe, bariba kabi etnik guruhdagi xalqlar yashaydi. Asosiy etnik guruh fon yoki dayo meyanlar bo’lib, ular barcha aholining 25% ni tashkil qiladi va mamlakat Januda yashaydi. Shaharlarda yevropaliklar (asosan, frantsuzlar), suriyaliklar, livanliklar va boshqalar uchraydi. Rasmiy tili — frantsuz tili. Aholining 70% mahalliy an’anaviy dinlarga e’tiqod qiladi; 15% xristianlar, 13% musulmonlar. Eng katta shaharlari — Kotonu, Portonovo, Abomey. Tarixi. Poytaxti Abovieli bo’lgan Dagomeya qirolligi 17-asrdan 19-asr boshlarigacha shimoliy Beninda hukm surdi va yevropaliklar bilan qul savdosi tufayli katta daromad olib turdi. 1851 yilda frantsuzlar Qirollik bilan savdo shartnomasi tuzdilar va asta-sekin Dagomeya ustidan nazorat o’rnatdplar. 1890-93 yillarda Frantsiya bu hududni bosib oldi. 1904 yilda Dagomeya Frantsiya G’arbiy Afrikasi tarkibiga kiritildi. Mamlakat aholisining mustamlakachilarga qarshi doimiy kurashi natijasida u 1958 yilda Frantsiya Hamjamiyati tarkibida muxtoriyatga ega bo’ldi. 1960 yilda to’liq mustaqillikka erishdi va Dagomeya Respublikasi deb nomlandi. Mamlakatda etnik guruhlarning ko’pligi haddan tashqari siyosiy beqarorlikka olib keldi, natijada fuqaro va harbiy hokimiyatlar tez-tez almashinib turdi. 1970 yildagi saylov natijasida mamlakat shimol va Janub vakillaridan iborat prezidentlik kengashi saylandi. Biroq, 1972 yildagi harbiy to’ntarish natijasida inqilobiy harbiy kengash tuzildi. Bu kengash marksizm-leninizm mafkurasiga amal qilib, sosialistik yo’ldan borishini e’lon qildi. 1975 yilda mamlakat Benin Xalq Respublikasi deb atala boshladi. 1977 yil Konstitutsiyasiga binoan 1979 yilda inqilobiy harbiy kengash tarqatib yuborildi va saylov o’tkazildi. Mamlakat 1990 yildan boshlab Benin Respublikasi deb ataladigan bo’ldi. 1996 yilda ko’p partiyalilik asosida prezident saylandi. Benin 1960 yildan — BMT a’zosi. 1992 yil 14 yanvarda O’zbekiston Respublikasining suverenitetini tan olgan. Milliy bayrami—1 avgust—Mustaqillik e’lon qilingan kun (1960). Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. “Beninning uyg’onishi” partiyasi (1990), demokratiya va taraqqiyot uchun milliy ittifoq partiyasi, “umumiy ishimiz” partiyasi, Demokratik yangilanish partiyasi (1990), Sotsial-demokratik partiya. Demokratiya va milliy birdamlik uchun ittifoq partiyasi, yangilanish va rivojlanish uchun xarakat jabhasi partiyasi (1990). Kasaba uyushmalari: Benin mehnatkashlari kasaba uyushmalari milliy birlashmasi, Mustaqil kasaba uyushmalari markazi. Xo’jaligi. Benin — agrar mamlakat. Qishloq xo’jaligi paxta yetishtirishga ixtisoslashgan (yiliga 70 ming tonna). Palma yosh, tamaki, makkajo’xori, sholi, tariq, yams, yer yong’oq, dukkaklilar, banan, mango yetishtiriladi. Yaylov chorvachiligi yaxshi rivojlangan: qoramol, qo’y va echki hamda parranda boqiladi. Baliq ovlanadi. O’rmonlarida qimmatbaho yog’och tayyorlanadi. Sanoati zaif. Uning yalpi milliy mahsulotdagi ulushi 9% ga ham yetmaydi. Mamlakatda asosan qishloq xo’jaligi xom ashyosini qayta ishlaydigan korxonalar bor. Pobe, Kotonu va boshqa shaharlarda palma yog’i zavodlari, Portonovo va Kotonu yaqinida sovun zavodlari, shuningdek turli joylarda paxta tozalash zavodlari, to’qimachilik fabrikalari, chet ellarda tayyorlangan detallardan avtomobil yig’ish korxonalari, tsement va elektr lampa zavodlari, binokorlik materiallari korxonasi bor. 45 million Kvts elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Hunarmandchilik rivoj topgan. Asosiy sanoat markazlari — Kotonu, Portonovo, Paraku. Temir yo’llar (uzunligi 578 kilometr), avtomobil yo’llari (uzunligi 8,4 ming kilometr), jumladan qattiq qoplamali yo’llar mavjud. Kotonuda dengiz porti va xalqaro aeroport bor. Benindan chetga paxta, palma yog’i, tamaki chiqariladi. Chetdan turli mashina va asbobuskunalar, keng iste’mol mollari, oziq-ovqat, to’qimachilik va neft mahsulotlari keltiriladi. Tashqi savdodagi asosiy mijozlari: Frantsiya, AQSh, Germaniya. Pul birligi — Afrika franki. Maorifi. 1972 yil Beninda majburiy bepul boshlang’ich ta’lim joriy etildi. Oliy ta’limni Kotonu universiteti (1970 yil tashkil etilgan) va chet ellarda oladilar. Bir qancha ilmiy tadqiqot institutlari, Portonovoda Milliy kutubxona, Kotonuda universitet kutubxonasi va muzey, Abomeyda tarixiy muzey bor. Matbuoti, radioeshittirishi, teleko’rsatuvi. “Beninpress enformason” — Benin press agentligining haftalik byulleteni, “Jurnal ofisel de la Repyublik dyu Benin” jurnali, “Krua dyu Benin”, “gazet dyu Golf”, “Nason” (“millat”), “Travayer” (“mehnatkash”) gazetalari nashr etiladi. Beninpress hukumat axborot agentligi (1973 yildan), Benin radioeshittirish va teleko’rsatuv hukumat boshqarmasi (1975 yildan) mavjud. Adabiyoti. Beninda yashovchi xalklar boy va rang-barang og’zaki ijod namunalarini yaratganlar. Fon xalqlarining og’zaki ijodiyoti birmuncha yaxshi o’rganilgan. Unda ertaklar, maqol va matallar bilan bir qatorda Benin davlati tarixini aks ettiruvchi afsonalar katta o’rin oladi. Zamonaviy adabiyot frantsuz tilida 20-asr 30-yillarida shakllandi. P. Xazumening “Dogisimi” tarixiy romani (1937, Frantsiya akademiyasining mukofoti), M. Kenumning “Mamlakatdagi vaziyat” (1938), “Uch Afrika afsonasi” va boshqa asarlari yaratildi. Milliy-ozodlik harakati yillarida A. Tevoyojrning “Dargazab Afrika” (1958), O. Belikenumning “Abadiy tuzoq” (1960), P. Joakinning “Negr hikoya qiladi” (1954) to’plami va boshqa asarlar yaratildi. Mustaqillikka erishilgandan so’nggi davrda she’riyat yetakchi o’rin oldi. P. Joakin, R. Xazume (“Afrika gullari” she’riy to’plami, 1966) shuhrat qozondi. R. Dogbening “Mono suvlari” (1963), “Mahkumlar qirg’og’i” (1964) asarlarida vatanparvarlik, insoniylik, urushga nafrat g’oyalari kalamga olingan. Dramaturgiya rivojlana boshladi. J. Pliyning “Kondoakula” tarixiy dramasi (1966) frantsuz mustamlakachilariga qarshi kurashga bag’ishlangan. Ijtimoiy illatlar (poraxo’rlik, to’rachilik)ni fosh etuvchi “Shaxsiy kotiba” komediyasi (1973)da G’arbiy Afrika dramaturgiyasi uchun yangi “Ishlab chiqarish” mojarosi tasvirlangan. Axloqiy-diniy masalalariga oid “Baxtning qo’lga kiritilishi” essesi (1982), “Oshiq shimpanze” hikoyalar to’plami (1977) ham uning qalamiga mansub. 1980 yilda Benin she’riyati antalogiyasi nashr etildi. Me’morligi, tasviriy san’ati, teatri. Benindagi turar joylar to’g’ri burchakli yoki doira shaklida guvaladan qurilgan, tomi poxol yoki xashak bilan bo’g’otli qilib yopilgan. Saroy va ibodatxonalar ham shu tarzda, ammo kattaroq qilib qurilgan. Qishloq va shaharchalardagi imoratlar tartibsiz joylashgan. Keyingi o’n yilliklarda Benin poytaxti — Portonovoda yangi ko’kalamzor shoh ko’chalar barpo etildi, ayrim jamoat binolari, 1 va 2 qavatli turar joylar qurildi. Ularni qurishda an’anaviy me’moriy shakllardan, naqshlar va yog’och haykallardan foydalanilgan. Boy va o’ziga xos badiiy hunarmandchilik qadimdan yuksak darajada bo’lgan: kulolchilik, quyuvchilik, yog’och o’ymakorligi, fil suyagidan turli buyumlar yasash, kashtachilik, matoga naqsh va gul solish san’ati azaldan rivojlangan. Mum modellarga bronza va kumushdan odamlar hamda jonivorlarning tasvirlari, ov manzaralarini tushirish rasm bo’lgan. Benin teatr san’atiga liniy urf-odatlar va rasm-rusumlar, imo-ishoralar (paitomimalar) va shu kabilar asos bo’lgan. Drama va opera teatrlari tashkil etildi.