BENKOV PAVEL PETROVICH

BENKOV PAVEL PETROVICH [1879.8(20).12, Qozon 1949.16.1, Samarqand] — rassom, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1939). Qozon badiiy bilim yurtida (1896— 1902), Peterburg Badiiy Akademiyasida (1901 06, D. N. Kardovskiydan), Parijda rassom R. Jyulianning xususiy akademiyasida (1906) ta’lim olgan. Italiya, Ispaniya, Frantsiyaga safar qilgan. “Kovalevskiy bolalarining portreti”, “Rassom ayol portreti” va boshqa asarlar, Qozon katta teatrining “Ruslan va Lyudmila”, “Karmen”, “Aida” kabi mumtoz operalari, “Oliya Bonu”. “Tohir va Zuhra” kabn spektakllariga dekoratsiya chizgilari yaratdi (1913-28). 1929 yildan Samarqandda. 1930 yildan Samarqand Badiiy Akademiyasining bilim yurtida o’qituvchi. Asarlarida, ayniqsa, 30-yillar o’rtalarida yaratgan mavzuli mujassamotlarida O’zbskistonni, uning qadimgi shaharlari qiyofasi, o’ziga xos iqlimi, serquyoshliligini, o’zbek millati madaniyatini, kishilarini yorqin bo’yoqlarda gavdalantirdi (“Buxoro TIMI”, 1929; “Xivalik qiz”, 1931; “Dugonalar”, 1940; “Qahramonning onasi”, 1942; “Jangchiga sovg’a”, 1945; “Dutorchi qiz”, 1947). “Buxoroda oshxona” (1929), “Eski Buxoro” (1931), “Minorai Kalon” (30-yillar), “Ko’cha” (1943), “Registondagi choyxona” (1944) asarlari O’zbekistonning mumtoz me’moriy obidalari va manzaralariga bag’ishlangan. Portretlar, Samarqandning ko’cha va bog’lari, bozor va hovlilari, maydon va choyxonalari, ulardagi hayotning o’ziga xos go’zalligini yorqin va hayotiy ifodalovchi asarlar ham yaratgan. O’zbekistonda tasviriy san’atni shakllantirishda, milliy kadrlar yetishtirishda xizmati katta. 1949-97 yillarda Respublika rassomlik bilim yurti Benkov nomi bilan atalgan. Ad:. Nikiforov B. M., Pavel Petrovich Benkov, M., 1967; Benkov P. P., Perepiska. Vospominaniya, T., 1981.