BERING DENGIZI

BERING DENGIZI — tinch okean shimoldagi yarim berk dengiz. Tinch okeanidan Aleut, Komandor orollari ajratib turadi. Maydoni 2315 ming kilometr kvadrat. Eng chuqur joyi 5500 metr, shimolda 200 metrdan kam. Qirg’oqlarining aksari qismi baland va tik yon bag’irli qoyalardan iborat. Buxta va qo’ltiq ko’p. Eng katta qo’ltiqlari: Anadir, Olyutorka (Rossiya Federatsiyasi sohilida), Norton, Bristol (Alyaska, AQSh). Bering dengizida San Lavrentiy, Karaga, Pribilov, Nunivak va boshqa juda ko’p orollar bor. Bering dengizi — Uzoq Sharqdagi eng yirik geosinklinal dengiz. Tubining qariyb yarmi kontinental shelfdan iborat. Bir necha tizma va ular orasida chuqur botiqlar bor. Materik yon bag’ri nisbatan tik. Suv osti kan’onlari uchraydi. Tektonik parchalanish kuchli. Cho’kindilar materik yon bag’rida asosan terrigen jinslardan iborat, shuningdek vulkanogen jinslar ham bor. Botiklarda cho’kindilar qalinligi 2,5 kilometrga yetadi. Bering dengizining chuqur qismi yer po’stining subokean tipiga mansub. Fevralda havoning o’rtacha temperaturasi shimolda -23°, Janubda 0° dan -4° gacha, avgustda shimolda 5°, Janubda 10°. Yiliga shimolda 200-400 millimetr, Janubda 1500 millimetr yog’in tushadi. Anadir va Olyutorka qo’ltiqlari qariyb to’qqiz oy muzlaydi. Anadir va Yukon daryolari quyiladi. Suvining sho’rligi 30-33%o. Bering dengizida baliq, morj, dengiz mushugi, tyulen ovlanadi. Qirg’oqlari va orollarida qushlar bozori bor. Asosiy portlari: Provideniya (RF), nom (AQSh). Dengiz V. Bering nomiga qo’yilgan.