Bermud orollari
Rasmiy nomi — Bermud orollari (Buyuk Britaniya mulki). Poytaxti – Gamilton. Hududi — 58,8 km.kv. Aholisi – 100 ming.dan ortiq (2012). Davlat tili — ingliz. Dini – xristianlik. Pul birligi -Bermud dollari. Geografik joylashuvi va tabiati. Orollar Atlantika okeanining shimoli g‘arbiy qismida joylashgan, 360 ta atrofidagi orollar va qoyalardan iborat, ulardan 20 tasida odam yashamaydi. 10 ta orol o‘zaro ko’priklar bilan birlashib asosiy orol — Meyn-Aylendni tashkil etadi. Orollar tekisliklardan iborat. Iqlimi — tropik, issiq. Tabiiy o‘simliklari saqlanib qolmagan. Qayta ekiladigan tropik o‘simliklar va daraxtlar bor. Mayda kemiruvchilar ko‘p. Qushlarning bir qancha turlari (to‘tiqush, dengiz qushlari), hasharotlar bor. Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — Buyuk Britaniya mulki. Davlat boshlig‘i — Buyuk Britaniya qirolichasi tomonidan tayinlanadigan, tashqi siyosat, mudofaa, politsiya, ichki xavfsizlik masalalari bilan shug‘ullanadigan gubernator. Ma’muriy-hududiy jihatdan 9 okrug va 2 munitsipalitetga bo‘linadi. Siyosiy partiyalari: Birlashgan Bermud partiyasi, Leyboristik taraqqiyot partiyasi, Milliy liberal partiya. Iqtisodi va transport kommunikatsiyalari. Iqtisodining asosini chet el turizmi tashkil etadi. Bermud orollari muhim moliyaviy markazdir. Orollarda 6 mingdan ortiq chet el kompaniyalari ro‘yxatga olingan. Bermud orollari ro‘yxatga olingan chet el kemalarining hajmi jihatidan 5-o‘rinni egallaydi. Kemalami ta’mirlash, qayiqlar yasash, farmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqarish, qurilish materiallari korxonalari faoliyat yuritadi. Kartoshka, karam, pomidor, banan, gullar yetishtiriladi. Baliqchilik rivojlangan. Asosiy savdo hamkorlari: AQSH, Buyuk Britaniya, Venesuela.
Tarixi. Orollar 1522-yilda ispan dengiz sayyohi X. Bermudes tomonidan kashf etilgan. 1609-yilda orollarga inglizlar kelib joylasha boshladi. 1684-yilda bu hududlar Angliya mustamlakasiga aylandi. 1968-yilda orollarga ichki o‘z-o‘zini boshqarish huquqi berildi. 1989-yilda Britaniya hukumati Bermud orollariga mustaqillik berish talabini rad etdi. 1995-yil avgust oyida o‘tkazilgan referendumda aholining ko‘pchilik qismi qaram hudud maqomini saqlab qolish uchun ovoz berdi.