BEZ
BEZ, bezlar (glandulae) — 1) organizmning normal hayot faoliyati uchun zarur bo’lgan va o’ziga xos maxsus shiralar (sekret) ishlab chiqaradigan hujayralar yoki ko’p hujayrali a’zolar. Bez ishlab chiqaradigan moddalarning fiziologik ahamiyatidan qat’i nazar,hujayralardan chiqadigan hamma moddalar “sekret” deb yuritiladi. Ko’pgina Bez (masalan, so’lak, ter bezi, jigar, me’da Bez)ning chiqaruv yo’li bo’lib, ishlab chiqaradigan sekretini shu yo’l orqali tana yuzasiga yoki biror a’zo bo’shlig’iga ajratadi. Huning uchun tashqi sekresiya bezlari, ya’ni ekzokrin Bez deb ataladi. Ba’zi Bezda chiqaruv yo’li bo’lmaydi va ular ishlab chiqaradigan sekret bevosita to’qima suyuqligi, qon yoki limfaga qo’shilib ketadi. Bunday Bez endokrin, ya’ni ichki sekretsiya Bezi deb atalib, ularga gipofiz, buyrak usti Bezi, qalqonsimon Bez kiradi. Aralash Bez (masalan, me’da osti bezi, jinsiy Bez va boshqalar) ham bo’lib, ular sekretining bir qismini maxsus nay orqali biror bo’shliqqa, qolganini esa bevosita konga ajratadi. Bez hujayralaridan ishlanib chiqib, boshqa a’zolarga va organizm funktsiyalariga ta’sir etadigan moddalar inkretlar (yoki gormonlar) deb ataladi. Ekzokrin Bez bir va ko’p hujayrali bo’ladi. Bir hujayralisiga ichak va nafas yo’lining shilliq pardasidagi epiteliy ichida joylashgan qadoqsimon hujayrali Bez, ko’p hujayralisiga epiteliydan tashqarida joylashgan so’lak Bez, me’da-ichak shillik, pardasidagi Bez va boshqalar kiradi. Bir hujayrali Bez sekretni epiteliy yuzasiga chiqarib, uni mexanik va kimyoviy shikastdan saqlaydi. Bez ishlab chikaradigan moddalarining kimyoviy tabiatiga qarab seroz (yoki oqsilli) va shilimshiq (yoki shilliq) Bezga bo’linadi. Seroz Bez suvda oson eriydigan oqsil — sekret chiqaradi, shilimshiq Bezdan esa musin va mukoid moddalar chiqadi. Ba’zi Bezdan ham oqsil, ham shilimshiq sekret chiqadi (aralash Bez), masalan, quloq oldidagi va jag’ ostidagi so’lak Bez. Ba’zi Bez (sut Bez, Yirik ter Bez, yog’ Bez va hokazolar) yog’li lipoid va steroidli sekret ishlab chiqaradi, bu Bez sekreti suvda erimaydi, hujayralardan tomchi yoki durda shaklida ajralib chiqadi. Buyrak usti Bezlarining po’stloq qavatidan va jinsiy bezlardan ishlanib chiqadigan gormonlar ham steroidlarga kiradi. Sekretning qanday hosil bo’lishi va epiteliy hujayralaridan tashqariga chiqarilish xususiyatiga qarab Bez merokrin, apokrin va golokrin Bezlarga bo’linadi. Endokrin Bez muhim a’zolar bo’lib, ularda ishlangan inkret (gormon) organizmning o’sishi, voyaga yetishi va moddalar almashinuvi jarayonlarini idora etadi. Bez faoliyati nerv sistemasi hamda gumoral omillar tomonidan boshqariladi; 2) yallig’lanib kattalashgan limfa tugunlarining xalq o’rtasida tarqalgan yanglish nomi. Nosir Ahmedov.