BEZAK

BEZAK — 1) narsa, buyumlarga ishlangan naqsh, gul, pardoz; amaliy san’at va me’morlikda keng ishlatiladi. O’simliksimon (islimiy) va handasiy (girih) naqshlar bezatilayotgan yuza (buyum sirti)da bo’yama, chizma, o’yma, bosma, qadama va boshqa usullarda, me’morlikda shuningdek g’isht va boshqalarni turlicha terib hosil qilinadi; 2) ziynat beruvchi buyum. Zargarlikda taqinchoqlar, miskarlikda suvdon, kosa, piyola; zardo’zlik yoki kashtado’zlikda choyxalta, oynaxalta, dorpech, kirpech, qoziqdungi va boshqalar.