BEZASH SAN’ATI

BEZASH SAN’ATI — bezak san’ati sohasi. Ko’cha, maydon, korxonalar hududini, jamoat binolari, parklarni bayramlarda yoki biror munosabat bilan vaqtincha, ma’lum muddatga mo’ljallab bezatish, namoyishlarga, sayillarga, turli xalq tantanalariga badiiy ruh berish; shuningdek ekspozisiya, vitrina, stend va shu kabilarni bezatish. Bezash san’atida me’morlik, tasviriy san’at, teatr san’ati, fotografiya, yorug’lik texnikasi vositalaridan foydalanib, san’atlar uyg’unligining eng ommaviy namunalari yaratiladi. Mahobatli san’atda bezak mustahkam xom ashyolar (tosh, metall, keramika, temir-beton)dan doimiy qilib ishlansa, Bezash san’atida vaqtinchalik, lekin estetik ta’sir ko’rsatadigan darajada imkon boricha jozibali, bejirim qilib tayyorlanadi. Bezash san’atida xar bir asar, har bir ko’rinish o’ziga xos takrorlanmas bo’lishi kerak. Yevropa mamlakatlarida, Sharqning ayrim mamlakatlari (ayniqsa, Xitoy, Yaponiya)da Bezash san’ati san’at sohasi sifatida xalq sayillari, diniy marosimlar, turli tantanalar va namoyishlar tarixi bilan bog’liq ravishda shakllandi, rivoj topdi. Yevropada Uyg’onish davridan bezatuvchilarning roli ortdi (Leonardo da Vinchi, P. Rubens kabi atoqli rassomlar Bezash san’ati sohasida ham samarali ijod qilganlar). Rossiyada Pyotr I davridan saroy tantanalariga maxsus bezatuvchi rassomlar jalb qilindi. Frantsuz inqilobi va Parij kommunasi tantanalarida Bezash san’ati siyosiy tashviqot vositasiga aylandi. 20-asrda Bezash san’atida texnikaning roli ortdi, ayniqsa, Elektrotexnikadan keng foydalaniladigan bo’lindi, muzey va ko’rgazma ekspozitsiyalarida bezash usullarini takomillashtirishga alohida e’tibor qilindi. Bezash san’atidan ko’proq tijorat maqsadlarida foydalaniladi, u tinchlik, ijtimoiy taraqqiyot va demokratiya uchun kurash vositasi sifatida xizmat qilmoqda. O’zbekistonda Bezash san’ati qadimdan mavjud. Tarixiy manbalar, qo’lyozma kitoblardagi ma’lumotlarga ko’ra, katta saroylar devorlari mahobatli rasmlar bilan bezatilgan bo’lib, bu rasmlar ham bezak, ham targ’ibot vazifasini bajargan. O’rta asrlarda ham O’zbekiston hududida Bezash san’ati yuksak taraqqiy etgan. Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa me’morlik yodgorliklarida shu san’at ruhi saqpangan. O’zbekiston Bezash san’ati ustalari milliy an’analarni rivojlantirib, zamonaviy bezash uslublaridan samarali foydalanmoqda (masalan, O’zbekiston mustaqilligi kuni, Navro’z bayrami va boshqalar). Ne’mat Abdullayev.