BEZGAK
BEZGAK (italyancha malaria, mala aria — badbo’y havo) — bezgak plazmodiylari qo’zg’atadigan invazion kasallik; isitma tutishi, qonda jiddiy o’zgarishlar sodir bulishi, kamqonlik, jigar va taloqning kattalashuvi bilan kechadi. Bezgak plazmodiysi to’rt xil, shunga ko’ra Bezgak ning uch kunlik, to’rt kunlik, tropik va Afrika xillari bor. Bezgak plazmodiysi Bezgak chivini va odam organizmida ko’payib, rivojlanadi. Kasallik manbai bemor va Bezgak chivini (asosan urg’ochisi) hisoblanadi. Bezgak plazmodiysi Bezgak bilan og’rigan bemor organizmida jinssiz (shizogoniya), kasallikni tashib yuruvchi — anofeles chivini tanasida esa jinsiy yo’l bilan rivojlanadi. Kasallik sog’lom odamga chivin chaqqanda, odam organizmiga uning so’lagi orqali qo’zg’atuvchilar tushganda yuqadi. Qon oqimi bilan ular jigarga tushadi, bu yerda rivojlanishning birinchi (to’qima) tsikli ro’y beradi, so’ngra yana qonga tushadi va eritrositlar ichiga kirib oladi, bu yerda ikkinchi (eritrositar) rivojlanish tsikli o’tib, eritrositlarning parchalanishi va qonga ko’p miqdorda qo’zg’atuvchilar chiqishi bilan tugallanadi, bu odamni isitma tutishi bilan o’tadi. Qo’zg’atuvchi odam organizmida 10-14 kungacha (ba’zan, bir yilgacha va bundan ko’proq) bo’lib, kasallik belgilarini qo’zg’atmasligi mumkin (inkubasion yoki yashirin davr). Kasallik to’satdan boshlanadi: bemorni isitma tutib, junjiydi, qaltiraydi (u ba’zan shu qadar qatgiq qaltiraydiki, hatto ustiga issiq ko’rpa yopilganda ham sovuq qotadi), keyin kdlti rash bosilib, harorat ko’tariladi (41 — 41,5°), bemor bo’riqib, qizarib ketadi, nafas olishga qiynalib, halloslaydi, boshi qattiq og’riydi. Isitma bir necha soat tutadi. So’ngra harorati tez pasayib, ba’zan bir maromga tushadi; shu payt bemor qattiq terlaydi, ertasiga o’zini sog’lom his qiladi. Keyin yana isitma tutadi; uch kunlik Bezgakda — ikki kunda bir marta, to’rt kunlik Bezgakda — har uch kunda bir marta, tropik Bezgakda — ko’pincha kun sayin isitma tutib turadi. Isitma tutayotgan bemorning qoni tekshirilganda, Bezgak plazmodiylarini topish mumkin. Bezgak tutavergach, plazmodiylar qizil qon tanachalari (eritrositlar)ni parchalashi sababli bemor kamqon bo’lib qoladi, talog’i va jigari kattalashadi, oq qon tanachalari (leykositlar) ancha kamayadi. Bezgak davolanmay qolib, kasallik uzoq davom etganda tinkani quritib, mehnat qobiliyatini susaytiradi, bolalar o’sish va rivojlanishdan orqada qoladi. Bemor o’z vaqtida davolanmasa yoki chaladavolansa, Bezgakka boshqa kasalliklar qo’shiladi. Bezgakning og’ir shakli bilan og’riganlarda, shuningdek bolalarda koma holati, ba’zan o’lim yuz berishi mumkin. Bemor barvaqt to’g’ri davolanganda sog’lig’iga pugur yetmaydi, undan atrofdagi kishilarga Bezgak chivinlari orqali kasallik yuqish ehtimoli yo’qoladi. Isitmaning xurujiga, taloqning kattalashganiga, chap biqin sohasida og’riq turishi va badan za’faron tus olishiga qarab, bemorda Bezgak bor deb taxmin qilish mumkin. Ammo Bezgakni aniq bilish uchun bemordan qon olib, mikroskopda tekshirish shart. Bemorni vrach davolaydi. Unga tinch sharoit va yaxshi parvarish zarur. Kasallikning oldini olishda asosiy e’tibor bemorlarni erta aniqlash va davolashga qaratilgan bo’lishi kerak. Bezgak chivini ko’p uchraydigan joylarda himoya kiyimboshi va chivinni keltirmaydigan dori vositalaridan foydalanish lozim. Shonosir Shovahobov.