BIMETALLIZM

BIMETALLIZM — qiymat o’lchovi (qonunlashtirilgan umumiy ekvivalent) vazifasini 2 nodir metall — oltin va kumush bajaradigan pul tizimi hamda shu ikki metalldan zarb qilingan tangalarning mamlakatda muomalada yurishi. Bimetallizm 16 — 19-asrlarda G’arbiy Yevropada keng tarqalgan edi. Bimetallizmning 2 shakli mavjud bo’lgan. Bular: 1) oltin tangalar bilan kumush tangalarning bir-biriga nisbati bozor qiymatiga qarab stixiyali ravishda belgilanadigan parallel valyuta. tizimi; 2) ikki metall qiymatlari o’rtasidagi nisbat davlat tomonidan belgilanadigan qo’sh valyuta tizimi. Bimetallizm sharoitida qog’oz pullar emissiya muassasalari xohishi bilan yo oltinga, yoki kumushga maydalangan, shuning uchun mamlakatning valyuta zaxirasi 2 metalldan iborat bo’lgan. Qo’qon, Buxoro va Xiva xonliklaridagi pul tizimi Bimetallizmdan ham murakkabroq bo’lib, muomalada 2 emas, balki 3 metall: oltin (“tilla”), kumush (“tanga”) va mis (“pul”) yurgan. Ularning qiymatlari o’rtasidagi nisbat iqtisodiy va siyosiy sabablar tufayli doimo o’zgarib turgan. Bu esa tovar-pul munosabatlarini juda qiyinlashtirgan. Zotan boshqalar ham, muomalada 3 metall yurishi ham pulning umumiy yagona muqobil sifatidagi tabiatiga zid edi. Taraqqiy etgan mamlakatlar 19-asr oxirlariga kelib monometallizm (oltin) ga asoslangan pul tizimiga birin-ketin o’tdilar. 20-asrning 60-yillar oxiridan qog’oz pullarning oltin ta’minoti bekor qilinishi bilan monometallizm ham o’z ahamiyatini yo’qotdi.