BIOIQLIM ATLASI

BIOIQLIM ATLASI — ochiq havoda va meteorologik omillar majmui muhitida odamga ta’sir ko’rsatadigan iqlim ko’rsatkichlarining muayyan hudud doirasida taqsimlanishini aks ettiradigan xaritalar to’plami. Mintaqaning birinchi Bioiqlim atlasi (“Bioklimaticheskiy atlas Sredney Azii”) 1973 yilda V. A. Bugayev nomidagi O’rta Osiyo Gidrometeorologiya ilmiy tadqiqot institutida tayyorlangan. Atlas mintaqa hududida o’tkazilgan ko’p yillik bioiqlimiy va meteorologik tadqiqotlar hamda kuzatishlar natijasida to’plangan materiallar asosida tuzilgan 136 xaritadan iborat. Atlasda (yilning har bir oyi uchun o’rtacha quyosh vaqti bilan soat 13 da): havo harorati; to’g’ri quyosh radiasiyasi intensivligi; odam tanasining qisqa to’lqinli, uzun to’lqinli va umumiy radiasiya balansi; odam tanasi bilan havo o’rtasidagi konvektiv issiqlik almashinuvi; terlash natijasida sarf bo’ladigan issiqlik va suv, jumladan, ochiq havoda 1 va 2 ish smenasida terlash orqali sarflangan suv miqdorining yig’indisi; ekvivalent samarali harorat va boshqalar. Atlasda odam issiqlik balansi usulining nazariy asoslari, ularda bioiqlimiy ko’rsatkichlarning fazoviy taqsimlanishidagi asosiy qonuniyatlar bayon etilgan. Ad.: Bioklimaticheskiy atlas Sredney Azii [Sost. B. A. Ayzenshtat], M., 1973.