BIRINCHI HAYDOV

BIRINCHI HAYDOV, tinch yerni haydash — qo’riq va bo’z, shuningdek bedapoya va boshqa ko’p yillik o’simliklar o’sib, chim bosgan yerlarni haydash. Dehqonchilikda o’t ekinlarini ekish (19- asr) qo’llanilgandan keyin paydo bo’lgan. Birinchi haydovda tuproq qatlamlari 130-135° ag’darilib, bir-biriga 45° burchak hosil qilgan holda zich tiralib qoladi. Birinchi haydovdan so’ng dala to’lqinsimon ko’rinishda bo’ladi. Birinchi haydov turli tipdagi lemex va ag’dargichli pluglar bilan bajariladi. Birinchi haydovda ko’p yillik begona o’tlar ildizi zararlanadi, ularning unishi susayadi. Chim qayta o’smasligi va ekinlarni o’t bosib ketmasligi uchun yer disklanadi va boronalanadi. Haydalma qatlam qalinligi, o’simliklarning biologik xususiyatlari, dalaning o’t bosganlik darajasiga qarab Birinchi haydov chuqurligi 15-22 santimetr bo’ladi.