BITOV

BITOV — organizmdagi tabiiy teshik, nay (masalan, ayol jinsiy yo’llari) ning tug’ma yo’qligi (rivojlanish nuqsoni) yoki bitib qolishi. Ko’pincha tug’ma bo’ladi. Qiz bola yoshligida yuqumli kasallik (skarlatina, difteriya, qizamiq va boshqalar) bilan og’rishi oqibatida ham yuzaga keladi. Jinsiy yo’llarning yallig’lanib chandiqlanishi, ba’zan tanosil a’zolarining yaralanishi Bitovga sabab bo’ladi. Bitov ko’pincha qiz bola balog’atga yetib hayz ko’rmay qolgandagina bilinadi. Bitovda hayz qoni dastlab qinga, keyin bachadon va naylariga, nihoyat qorin bo’shlig’iga o’tib, qorin pasti og’riydi. Bitovning oldini olish uchun qiz bolani yoshligidayoq mutaxassis vrach (ginekolog) ko’rigidan o’tkazib turish lozim.