BO’G’IN
BO’G’IN, generatsiya (biologiyada) — umumiy ajdodlarga nisbatan bir xil qarindoshlik darajasiga ega bo’lgan bitta populyasiyadagi individlar guruhi (masalan, odamlarda ota-onasi, bolalari, nevaralari 3 ta ketma-ket kelayotgan Bo’g’indan iborat). Bo’g’in tushunchasi yil davomida bir vaqtning o’zida rivojlanib chiqadigan individlarga nisbatan qo’llaniladi. Masalan, 2 yoki 3 Bo’g’inli (bir mavsumda tur 2 yoki 3 marta bolalaganida); bir yillik, ikki yillik, ko’p yillik Bo’g’in (bitta Bo’g’inning rivojlanishi 1,2 yoki ko’p yil davom etganida) bo’lishi mumkin. Bo’g’inning hayot kechirish muddatlari ham bir turning muayyan individlari va ular yashaydigan sharoiti (iqlimi) ga mos holda juda keng chegarada o’zgaradi. Masalan, bir hujayralilarda bir necha soatda, ko’p hujayralilarda hatto yuz yillab davom etadi.
BO’G’IN — qadimgi uzunlik o’lchov birligi; quruvchilar orasida qo’llaniladi. U o’rta barmoqning o’rta bo’gini eniga teng. 1 Bo’g’in taxminan 2,0+2,5 santimetrga to’gri keladi.
BO’G’IN — naqsh tuzilishida takrorlanuvchi bo’lak.
BO’G’IN — 1) (tilshunoslikda) so’zning alohida talaffuz qilish mumkin bo’lgan kichik bo’lagi. Frantsuz tilshunosi M. Gammon 1929 yilda Bo’g’in nutq artikulyatsiyasidagi muskullarning kuchlanishiga asoslangan, degan fikrni ilgari surgan. Bunda nutq oqimidagi tovush tizimining izchil holatda kuchlanishi va bo’shashishi nazarda tutiladi, ya’ni nutq qismlari kuchlanish bilan boshlanadi va yuqori nuqtasidan kuchlanish bilan tugaydi. Shu takrorlanish bo’g’inga ajralishdir. Bu o’zbek tilshunosi Ayub G’ulomovning Bo’g’in nutqning bir nafas to’lqinidagi qismidir, degan qarashiga ham mos keladi. “Boshlang’ich” so’zi 3 Bo’g’inli bo’lib, har biri kuchlanish bilan boshlanadi. Unlisi baland nuqtasi hisoblanib, undoshda kuchsizlanib tugaydi. Bo’g’in kuchli boshlanishi va kuchli tugashi ham mumkin; 2) (poeziyada) eng kichik o’lchov birligi. Hijo deb ham ataladi. She’r tuzilishida muhim ahamiyatga ega. Bunda har bir so’z alohida emas, balki ular nutq butunligi, so’zlarning o’zaro fonetik munosabatida qaraladi.