“BOING”

“BOING” (Boeing) — harbiy transport va passajir reaktiv samolyotlar ishlab chiqaradigan jahondagi eng yirik kompaniya. Boshqaruvi AQShning Sietl shahrida joylashgan. 1916 yilda asos solingan. Bundan tashqari kosmik hamda elektron apparatlar va boshqa asbob-uskunalar ishlab chiqaradi, Pentagon uchun harbiy aviatexnikalar yetkazib beradi, AQSh kosmik dasturining bajarilishida o’z texnikasi bilan qatnashadi (uning 40 sun’iy yo’ldoshi koinotda ishlab turibdi; 2000). “Boing”ni “Ferst neshnl Siti benk” va Kaliforniya moliya guruhlari nazorat qilib turadi. Kompaniyaning bir necha joylarda ishlab chiqarish majmualari va ilmiy tadqiqot laboratoriyalari bor. Korxonalarida 147 ming ishchi va xizmatchi ishlaydi (80-yillar oxiri). 1996 yilda “Mak DonellDuglas” samolyotsozlik firmasini qo’shib oldi. Yillik savdo hajmi 76 milliard. AQSh dollari (faqat passajir laynerlar — jami 375 dona samolyot; 1997). Hozir jahon bo’yicha “Boing”ning 9 ming reaktiv samolyotlaridan foydalanilayotir. 1998 yildan so’nggi modeldagi “Boing777” samolyotlarini ishlab chiqaradi. “Boing” istiqbolli kompaniya bo’lib, ko’p mamlakatlarga o’z mahsulotlarini eksport qiladi. Jumladan O’zbekiston ham uning samolyotlaridan foydalanadi, Toshkent davlat aviatsiya instituti bilan hamkorlik yo’lga qo’yilgan. Zoir Shamsiyev.

“BOING” — AQSh “Boing” firmasi ishlab chiqarayotgan samolyotlarning umumiy nomi (masalan, “B757”, “B767”, “B747300” va boshqalar). Ularning orasida fuqaro samolyoti “B747300” mashhur (1983 yildan beri ishlab chiqariladi). Uning yerdan ko’tarilishdagi massasi 380 tonna atrofida, bortiga bir yo’la 660 yo’lovchini olishi mumkin, tezligi 940 kilometr/soatga yetadi. “O’zbekiston havo yo’llari” milliy aviakompaniyasi ixtiyorida bir nechta “B757” va “B767” rusumli samolyotlar bor (2000).