BOSHLANG’ICH TA’LIM
BOSHLANG’ICH TA’LIM—umumiy o’rta ta’limning dastlabki bosqichi. O’zbekiston Respublikasida Boshlang’ich ta’lim 1—4sinflarda bolalarga ilk ta’lim berish, ularni ma’naviy kamol toptirishning boshlanish davri hisoblanadi. U 1-4-sinflarni o’z ichiga oladi va o’qish 6-7 yoshdan boshlanadi. Bunda ta’lim mazmunini belgilash muhim ahamiyatga ega. O’zbekiston Respublikasining 1997 yil 29 avgustda qabul qilingan “Ta’lim to’g’risida”gi qonunida Boshlang’ich ta’lim umumiy o’rta ta’lim olish uchun zarur bo’lgan savodxonlik, bilim va ko’nikma asoslarini shakllantirishga qaratilgan. Boshlang’ich ta’lim sinflari uchun o’quv rejasi va dasturlari mavjud. Boshlang’ich ta’limda o’quv rejasi asosida ona tili, matematika, tibbiyot, tarix (tarixiy mavzulardagi matnlar asosida), rus tili, tasviriy san’at, jismoniy tarbiya bo’yicha mashg’ulotlar o’tkaziladi. Ona tili darsida xat-savod o’rgatiladi, nutqni o’stirish, o’qish va yozishga o’rgatish yuzasidan maxsus mashg’ulotlar o’tkaziladi, dastur asosida imlo qoidalari va ba’zi grammatik vositalar to’g’risida dastlabki ma’lumotlar beriladi. Matematika darsida 4 arifmetik amal ichida hisoblash (qo’shish, ayirish, ko’paytirish va bo’lish) o’rgatiladi, algebra va geometriyaga oid ilk tushunchalar bilan tanishtiriladi. Boshlang’ich ta’limda maktab dasturida belgilangan bilim, malaka va ko’nikmalarni o’rgatish hamda hosil qilishga erishish uchun ta’limning turli usullari, shakllari hamda vositalaridan foydalanish asosida ish olib borish talab qilinadi. Yo’ldosh Abdullayev.
“BOSHLANG’ICH TA’LIM” — 1-4-sinf o’qituvchilari, pedagogika kollejlari, pedagogika institutlarining boshlang’ich ta’lim fakultetlari talabalariga mo’ljallangan 2 oyda 1 marta chiqadigan ilmiy metodik, axloqiy-ta’limiy ommabop jurnal. Muassis: O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi. 1992 yil yanvardan nashr etiladi. Jurnal ko’p rangli bo’lib, uning sahifalarida boshlang’ich ta’lim o’quv rejasidagi o’quv fanlarini o’rganishga oid ilmiy metodik maqolalar, ilg’or o’qituvchilar tajribalari yoritilgan materiallar, iqtisodiy ta’lim va tarbiyaga oid maqolalar, boshlang’ich sinflarda sinfdan tashqi o’qish uchun badiiy asarlardan parchalar berib boriladi. Adadi 22000 nusxadan ortiq (2000).