Bosqin arafasida o’zbek xonliklaridagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat
“Nega jahonga Ahmad Farg’oniy, Muhammad Xorazmiy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Amir Temur, Ulug’bek, Alisher Navoiy, Bobur kabi buyuk siymolarni bergan bu millat XVII-XIX asrlarga kelib, to shu choqqacha erishgan yuksalish darajalaridan tushib ketdi? Nega so’nggi uch asr mobaynida boshimiz qoloqlikdan chiqmay qoldi? Ajdodlarimizning qattiq qarshiligiga qaramay, chor Rossiyasining o’lkamizni nisbatan oson zabt etishida ana shu qoloqlikning ham o’rni bo’lmaganmikan?” Islom Karimov
Vatanimiz tarixi o’zbek davlatchiligi taraqqiyoti bir tekisda kechmaganligi, uning silsilaasida zafarli va inqirozli davlar bo’lganligidan guvohlik beradi. Sohibqiron Amir Temur asos solgan saltanat eng yirik va qudratli davlat bo’lganligi jahonga ma’lum. Amir Temur o’zidan qudratli davlatni, saltanat qurish va davlatni boshqarish qonun-qoidalari bayon etilgan mashhur qo’llanma (dastur ul-amal)ni qoldirgan edi. “…Farzandlarim va avlodlarimdan bo’lganlarning har biri, – deb yozgan edi u o’zining tuzuklarida, – unga muvofiq ish yuritsin… Bu tuzuklardan o’z saltanat ishlarini boshqarishda qo’llanma sifatida foydalangaylar, toki mendan ularga yetadigan davlat va saltanat zararu tanazzuldan omon bo’lg’ay”. Sohibqiron Amir Temur vorislriga “millatning dardiga darmon bo’lish”, “zaiflarni qo’rish va yo’qsillarni boylar zulmiga tashlamaslik”ni uqdirib “adolat va yaxshilik qilmoq dasturingiz, rahbaringiz bo’lsin” deya vasiyat qilgan edi. Ammo uning dasturi va vasiyatlariga amal qilinmadi. Taxt, hokimiyat ilinjida avj olgan o’zaro ixtilof va ichki kurashlar, jangu jadallar davlatni zaiflashtirib, mamlakatni inqirozga va parokandalikka olib keldi.
XVI asr boshlarida zaiflashib borayotgan temuriylar salnataniga Dashti Qipchoq tomondan ko’chmanchi o’zbeklar davlati hukmdori Muhammad Shohbaxt Shayboniy hujumi boshlandi. Shayboniyxon 1500-1501 yillarda Samarqand va Buxoroni, 1504 yilda Hisor viloyatini, 1504-1505 yillarda Urganchni, 1506-1507 yillarda Xuroson poytaxti Hirot hamda Balxni, shuningdek, Marv, Mashhad, Nishopur, Toshkent, Farg’ona va Sirdaryo yerlarini zabt etdi. Qat’iyatli sarkarda Shayboniyxon temuriy shahzodalar orasida o’ziga munosib raqibni Zahiriddin Muhammad Bobur siymosida uchratdi. Bu ikki o’zbek sarkardasi, ikki shoir va ikki davlat arbobi ittifoqlashib, temuriylarning butun Sharq va G’arbga yoyilgan shuhratini barqaror etish, Sohibqiron Amir Temur asos solgan qudratli davlat shukuhini yanada tiklash o’rniga, o’zaro kurash, uni egallash bilan band bo’lishdi. Natijada, Movarounnahr va Xuroson yagona davlat tarkibidan ajralib ketdi. Eronda kuchayib borayotgan safaviylar vaziyatdan foydalanib, bu ikki sarkarda kurashiga aralashdi. Mamlakatda parokandalik avjiga minib, avvalgi qudratdan putur ketdi. Bobo yurtidan ajralgan, oxir-oqibat Hindistonni zabt etgan Bobur va uning avlodlari uch asr mobaynida bu mamlakatni idora qildilar.
Movarounnahrda shayboniylar sulolasi hokimiyat tepasiga keladi. Qariyb, bir asrga yaqin davom etgan shayboniylar hukmronligi davrida ham tinchlik bo’lmadi, qirg’inbarot urushlar, o’zaro ichki kurashlar davom etdi. Shayboniy Ubaydullaxon (1533-1539) taxtga ko’tarilgach, Buxoroning mavqei ham siyosiy, ham iqtisodiy jihatdan ancha kuchaydi va Movarounnahrning siyosiy-ma’muriy markaziga aylantirildi. Abdullaxon (1557-1598) davrida, 1557 yilda poytaxt rasman Samarqanddan Buxoroga ko’chirildi va bu sana tarixga Buxoro xonligi tashkil topgan yil bo’lib kirdi.
1601 yildan e’tiboran Buxoro xonligida hokimiyat ashtarxoniylar (joniylar) sulolasi qo’liga o’tdi. 150 yilcha davrida ham Buxoro xonligida barqarorlik bo’lmadi. Xonlik viloyatlarida hukmronlik qiluvchi amirlar va beklarning o’zboshimchaligi, markaziy hokimiyatdagi amaldorlar o’rtasidagi o’zaro kelishmovchilik, urug’chilik, mavqe talashish mamlakat tinkasini quritdi. Shuning uchun ham XVIII asrning birinchi yarmida Buxoro xonligi va Xiva xonligi Eron shohi Nodirshoh zarbiga uchradi. Ichki nizolar, mahalliychilik va o’zaro kurashlar zaiflashtirgan bu ikki xonlik Nodirshohning ta’sir doirasiga tushdi. Nodirshohni vasiy sifatida tan olgan Muhammad Rahim 1753 yilda o’zini Buxoro amiri deb e’lob qildi va 1920 yilgacha hukm surgan mang’itlar sulolasiga asos soldi. Ammo u ichki kurashlarga butkul barham berolmadi. Natijada, Buxoro xonligidan mustaqil yana bir davlat tashkil topdi va u tarixda “Qo’qon xonligi” deb nom oldi. Qo’qon atrofida yashab turgan o’zbek qabilalaridan biri minglar o’z yetakchisi Shohruhbiyni hokimiyat tepasiga ko’tardilar. Qo’qon shahri chetida joylashgan Tepaqo’rg’on Shohruhbiyning qarorgohiga aylantirildi.
XVII-XVIII asrlarda qoraqalpoq orollik o’zbeklar bilan birgalikda Orol yerlarida o’z davlatini tuzgan edi. Bu davlat birlashmasining aholisi – qoraqalpoqlar va o’zbeklar qo’shi xalqlar bilan yaqin aloqada bo’lgan. XVIII asrdagi qoraqalpoqlar ijtimoiy hayotiga urug’-qabilalarga bo’linish an’anasi xos bo’lgan. Butun xalq ikki katta qavm (oris) ga – o’n to’rt urug’ va qo’ng’irot qavmlariga bo’lingan. O’n to’rt urug’ qavmining asosiy guruhini Xitoy, qipchoq, Kenagas, Mang’it urug’lari tashkil etgan, qo’ng’irot qavmiga esa Shulluk va Juvung’ir urug’ birlashmalari kirgan. Barcha guruhlarni urug’ tabaqalari – biylar va botirlar boshqargan. Ular bilan musulmon ruhoniylari yaqindan aloqada bo’lgan.
XVIII asrda jung’ar va qozoq xonlarining bosqinchilik hujumlari natijasida Sirdaryo bo’ylarida yashayotgan qoraqalpoqlarning bir qismi Yangidaryo bo’ylariga va Orol yerlariga ko’chishga majbur bo’lgan. Yangidaryo yerlarida o’rnashgan qoraqalpoqlar uchun yuz yillar qarovsiz qolgan bepoyon maydonlarni o’zlashtirish qozoq xonari va sultonlari bilan doimiy to’qnashuvlar natijasida juda og’ir kechdi. Shuning uchun ham arxeologlar Yangidaryodagi sug’orish inshootlari qoldiqlarini “qoraqalpoq ajdodlari mehnat jasoratining buyuk yodgorliklari” deb hisoblaydilar.
Qoraqalpoq (Orol) yerlari XVII-XIX asr boshida Quvondaryo va Yangidaryo havsasini to’liq qamrab, Amudaryo etaklarigacha cho’zilgan edi. Lekin XIX asr boshida Xiva xonlari Orolbo’yi aholisini bo’ysundirishga qaratilgan harbiy harakatlarni boshlaydi va bu harakatlar 1810 yili Muhammad Rahimxon (1806-1825) davrida quyi Amudaryodan Yangidaryogacha bo’lgan qoraqalpoq yerlarining Xiva xonligiga qo’shib olinishi bilan tugaydi.
Shunday qilib, jahon sahnasida XVIII asr oxiri va XIX asr boshlarida Temur saltanati uch tarqoq o’zbek xonligi o’zida gavdalantirdi.