BRITANIYA MUZEYI

BRITANIYA MUZEYI — jahondagi eng yirik muzeylardan, Londonda. Yevropada birinchi davlat muzeyi. 1753 yilda asos solingan, 1759 yildan ishga tushgan (binosi ingliz so’nggi klassisizmi uslubida qurilgan, 1823-47, me’mor R. Smyork; qiroatxona binosi, 1854-57, me’mor S. Smyork). Britaniya muzeyida ibtidoiy san’at (asosan Britaniya orollari san’ati), Qadimgi Misr va Mesopotamiya (Rozetta toshi, ur shahri obidalari), Yunoniston va Qadimgi Rim san’ati obidalari (Parfenon haykallari, Galikarnas maqbarasi, vaza va naqshli toshlar yig’imi), Yevropa, Osiyo, Afrikaning O’rta asrlar san’ati yodgorliklari (Arab, Eron, uzoq Sharq kulollik buyumlari, Benin bronzasi), shuningdek rasm, gravyura, kulollik buyumlari, tanga, medallar to’plangan. Muzeyning etnografiya bo’limidan Afrika, Amerika, Okeaniya va boshqa xalqlar madaniy yodgorliklari keng o’rin olgan. Firdavsiyning Muhammad Jo’qiy tomonidan ko’chirilgan “Shohnoma”si (1440, 31 miniatyura bilan bezatilgan), “Boburnoma”ning qo’lyozmasi (16-asr 2-yarmida ko’chirilgan), Amudaryo xazinasi (1877, Amudaryo sohilidan topilgan) va boshqalar shu muzeyda saqlanadi. Britaniya muzeyi kutubxonasida 7 milliondan ortiq kitob, taxminan 105 ming qo’lyozma, taxminan 100 ming xartiya (qo’lyozma hujjat) va yorliq, 3 mingdan ortiq papyrus bor. 1926 yildan muzey o’z jurnalini nashr etadi.