BRONXIAL ASTMA

BRONXIAL ASTMA (Yunoncha asthma bo’g’ilish), ziqnafas — mayda bronxlarning torayishi, shilliq pardasining ko’chishi va ichiga shilimshiq tiqilishi, bronxial o’tkazuvchanlikning buzilishi, harakat faoliyatining izdan chiqishi natijasida vaqt-bevaqt nafas qisishi va bo’g’ilish xuruji bilan o’tadigan allergik kasallik. Bronxial astma, odatda, to’satdan, aksari kechasi tutib, bir necha soatdan bir necha kungacha davom etadi. Bronxial astma tutganda bemor nafas chiqarishga qiynaladi, ko’krak qafasi qappayadi, bo’yin venalari bo’rtadi, yuzi ko’karadi, burun teshiklari kengayadi va boshqalar. Bronxial astma tutganda bemor nafas chiqarayotganida hushtakka o’xshagan ovoz chiqaradi va xirillab qoladi. Bemor havodan to’yib-to’yib nafas olmoqchi bo’ladi; avval quruq yo’tal bilan boshlangan xuruj yopishqoq balg’am chiqa boshlagandan so’ng asta-sekin to’xtaydi va nafas olish maromiga kela boshlaydi. Bronxial astma infektsion allergik va noinfektsion atopik bo’ladi. Infektsionallergik Bronxial astmada bakterial allergenlar muhim rol o’ynaydi, ularning organizm bilan o’zaro ta’siri tufayli organizmda allergik qo’zgarishlar ro’y beradi. U aksari nafas a’zolari yoki burun yondosh bo’shliqlarining surunkali kasalliklarida rivojlanadi. Bunda organizmda uzoq vaqtgacha infektsiya o’chog’i mavjud bo’ladi; yallig’lanishda hosil bo’ladigan moddalar hamda mikroblarning hayot faoliyati va parchalanish mahsulotlari allergik xususiyatga ega. Noinfektsionatopik Bronxial astmaga har xil chang, ba’zi oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va boshqa sabab bo’lishi mumkin. Bronxial astmaning paydo bo’lishida asosiy sabablardan biri irsiy omillardir. Kasallik xurujlarida nerv va endokrin sistemasi muhim ahamiyatga ega. G’am-g’ussa, ruhiy iztirob, hayajonlanish va boshqa ham xuruj tutishiga olib kelishi mumkin. Bronxial astmaning kelib chiqishi, rivojlanishi va kechishiga iqlim omillari ham ta’sir qiladi. Kasallik aksari bahor va kuz oylarida ko’p kuzatiladi. Bronxial astma xurujlari ko’payib, kasallik ulg’aygani sari o’pka emfizemasi, yurak-o’pka ishining izdan chiqishi kabi asoratlar vujudga kelishi mumkin. Bo’g’ilish Bronxial astmadan boshqa kasalliklarda ham kuzatilishini nazarda tutish lozim. Davosi kasallikka sabab bo’lgan allergenni topish va uni bartaraf etishdan iborat. O’tkir xuruj vaqtida bronxlarni kengaytiruvchi dorilar beriladi. Davo gimnastikasi, ochiq havodan mo’lko’l bahramand bo’lish yaxshi yordam beradi. Kasallik zo’raymaganda vrach bilan kelishilgan holda tegishli kurortlarda davolanish tavsiya etiladi. Bronxial astmaning oldini olishda atrof muhitni sog’lomlashtirish, infektsionrespirator kasalliklarni vaqtida davolatish, eng muhimi, yaqin qarindoshlar o’rtasidagi nikohga barham berish lozim. Ozodbek Nazarov.