BRYUSSEL

BRYUSSEL — Belgiya poytaxti. Brabant provintsiyasining ma’muriy markazi. Senna daryosi bo’yida. Aholisi qariyb 1,22 million (1995), asosan flamand va vallonlar, ko’pchiligi katolik. Bryussel 11-asr yilnomalarida ilk bor tilga olinadi. Luven graflari qarorgohi bo’lgan. 12-asrdan Brabant tarixiy viloyatining asosiy iqtisodiy markazi, keyinchalik Flandriya va Burgundiyaning markazi. 15-asrda Niderlandiya tarkibida Gabsburglar hukmronligiga o’tgan. 1585 yil martda shaharni ispanlar istilo qilgan. 1714 yil Bryussel Belgiyaning barcha hududi bilan Avstriyaga qo’shib olindi. 1815-30 yillarda Niderlandiya qirolligi tarkibida bo’lgan. 1830 yildan Bryussel —Belgiya poytaxti. 1914-18 va 1940-44 yillarda Bryusselni Germaniya qo’shinlari okkupatsiya qilgan. 1944 yil sentabrda Amerika-Angliya qo’shinlari Bryusselni ozod qildi. 1967 yildan Bryusselda Yevropa Iqtisodiy Kengashi va Benilyuks Markaziy organi, NATO kengashi va uning Yevropadagi Birlashgan qurolli kuchlari oliy bosh qo’mondonligining bosh shtab kvartirasi joylashgan. Bryussel—mamlakatning eng katta shahri, asosiy sanoat va moliya markazi, muhim transport yo’llari tuguni. Shaharga 10 dan ortiq temir yo’l tarmog’i kirgan. Xalqaro aeroport bor. Bryussel kanallar orqali mamlakatning yirik dengiz porti — Antverpen va sanoat markazi — Sharlerua bilan bog’langan. Bryusselda mashinasozlik (transport mashinasozligi, elektrotexnika va ayniqsa aniq priborlar ishlab chiqarish), kimyo, farmatsevtika, oziq-ovqat, poligrafiya, mebel sanoati, hunarmandchilik (gilam to’qish, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish va boshqalar) rivojlangan. Sanoat korxonalari, asosan Senna daryosi bo’yida joylashgan. Qirollik Akademiyasi (1772), universitet (1834), Luven katolik universiteti, geografiya instituti va boshqa oliy o’quv yurtlari, ilmiy tadqiqot institutlari, observatoriya (1827); botanika bog’i, san’at akademiyasi, qirollik kutubxonasi (1837), muzeylar, teatrlar bor. Bryusselda Butunjahon sanoat ko’rgazmalari o’tkaziladi. Shahar markazida Gudula sobori (1220-1500), shahar boshqarmasi binosi, Qirol maydoni va boshqa me’moriy yodgorliklar saqlangan.