Buddizm, buddaviylik

Buddizm, buddaviylik (Budda nomidan olingan)-jahonda keng tarqalgan dinlardan biri (xristianlik va islom dini bilan birga). Unga e’tiqod qiluvchilar taxminan 500 milliondan ortiq. Miloddan avvalgi VI-V asrlarda Hindistonda paydo bo’lgan. Rivoyatlarga ko’ra, Buddizmga Siddhartha Gautama (Budda) asos solgan. Buddizmga 2 asosiy yo’nalish mavjud: xinayana va maxayana. Keyingisi juda ko’p sekta va mazhablarga bo’linadi. Boshqa dinlardan farqli ravishda, Buddizmda hech bir o’zgarmas narsa yo’q, hatto xudo ham o’zgaruvchan deb uqtiriladi. Faqat on yoki lahzalar silsilasi mavjud bo’lib, ularning har biri yo’qolib, keyingisiga o’rin beradi. Buddizm ta’limotiga ko’ra, inson doimo azob-uqubatga mahkum va bunga uning o’zi sabab bo’ladi. Azob-uqubatda qutulish uchun ko’ngil xush ko’rgan barcha narsalardan o’zni tiyish darkor. Muntazam ravishda yolg’ondan, o’g’rilikdan, boshqaga zarar yetkazishdan, zinodan o’zini tiyin hamda meditatsiya (ongni oliy haqiqatga yetishishga qaratish) “bodxi”, ya’ni “xotirjamlik”ka va oxir-oqibatda nirvanaga (azob-uqubatning tugashi)ga olib keladi. Buddizm zaminida 3 narsa: Budda, Dxarma va Sangxaga e’tiqod yotadi.