BUG’UCHILIK

BUG’UCHILIK — chorvachilik tarmog’i, shimol va pant bug’ularini etishtirish va xo’jalik maqsadlarida foydalanish bilan shug’ullanadi. Shimol Bug’uchilikda xonakilashtirilgan shimol bug’ulari go’sht, teri, sut olish uchun hamda ulov tarzida foydalanish maqsadlarida, pant Bug’uchilikda olachipor bug’u, maral, izyubr shoxi (pant) olish, shuningdek go’shti va terisi uchun boqiladi. Shimol bug’uchiligi Chekka Shimol qishloq xo’jaligining eng muhim tarmog’i. Bug’ular podalari (1500-1800 bosh) yaylovdan yaylovga ko’chib — bahor va yozda ochiq tundrada, qishda o’rmon tundra (tayga) da o’tlatib boqiladi. 3-5 oylik buzoqlari (25-30 kilogramm go’sht beradi) va katta yoshdagi bug’ular go’sht olish uchun so’yiladi. Urg’ochi bug’ulardan sog’im davrida 40-50 kilogramm (ayrimlaridan 85 kilogrmmgacha) sut sog’ib olinadi (yog’lilik darajasi 17— 19%). Bug’u terisidan sifatli charm (zamsha, xrom) tayyorlanadi, issiq kiyimlar, palatkalar tikiladi. Shimol bug’ulari chekka Shimolning asosiy transport vositasi, ulardan minish, yuk tashish va boshqa maqsadlarida ham foydalaniladi. Asosan Rossiya, Finlyandiya, Shvesiya, Norvegiya, AQSh (Alyaska), Kanadaning tundra va o’rmon (tundra) zonalarida tarqalgan. Jahonda 5 million boshdan ortiq shimol bug’ulari boqiladi. Ularning yarmidan ko’prog’i Rossiya hissasiga to’g’ri keladi. Pant Bug’uchilik Rossiyaning Oltoy, Krasnoyarsk, Primore o’lkalari, Qozog’istonda rivojlangan bo’lib, hayvonlar maxsus fermalar (Bug’uchilik xo’jaliklari) da boqiladi. Shuningdek, Xitoy, Koreya, Mongoliyada ham pant Bug’uchilik bor.