BULUNG’UR DOSTONCHILIK MAKTABI

BULUNG’UR DOSTONCHILIK MAKTABI — Bulung’ur tumani (Samarqand viloyati) dagi baxshilik san’ati markazi. Bunga mansub baxshilar qahramonlik dostonlarini ijro etish bilan mashhur bo’lganlar. Bu maktab repertuaridagi dostonlar soddaligi, o’ta an’anaviy va nisbatan arxaikligi bilan ajralib turadi. 18-20-asrlarda yashagan Amin baxshi, Muhammad shoir, Chini shoir, Tovbuzar shoir, Qurbonbek shoir, Sultonmurod, Yo’ldoshbulbul, Yo’ldosh Mulla Murod o’g’li, Rahimbulbul, Jo’ra shoir, Do’styor Xo’jayor o’g’li, Xo’janazar baxshi, Fozil Yo’ldosh o’g’li, Yorlaqab Beknazar o’g’li kabi o’nlab yirik dostonchilarni birlashtirgan bu maktab vakillari Bulung’ur, Jomboy, Poyariq, G’allaorol, Zomin, Jizzax atroflarida dostonchilik qilib yurganlar. Ular dostonlarni asosan do’mbira, ba’zan qo’biz jo’rligida ijro etganlar. Bu maktab vakillaridan yozib olingan “Alpomish”, “Yodgor”, “Yusuf bilan Ahmad”, “Mashriqo”, “Balogar don”, “Nurali”, “Shirin bilan Shakar”, “Rustam”, “Murodxon”, “Zevarxon” va boshqa dostonlar badiiy uslubi jihatidan Bulung’ur Dostonchilik maktabiga xos xususiyatlarni o’zida mujassam etgan. Bulung’ur Dostonchilik maktabi vakillari Farg’ona vodiysidagi o’zbek dostonchilari, jumladan Yangiqo’rg’on tumanidagi Qo’lbuqon dostonchilari ijodining shakllanishiga ijobiy ta’sir ko’rsatgan. Ad: Mirzayev T., Sobirov O., Imomov K., O’zbek xalq og’zaki poetik ijodi, T., 1980.