BURGANA TOG’LARI

BURGANA TOG’LARI — Farg’ona vodiysida, Sharqda So’x daryosi va g’arbda Achchiqsuv soyi vodiylari oraligidagi tog’lar. O’rtacha balandligi 650-900 metr, eng baland joyi 1000 metr. Balandligi shimoldan Janubga tomon ortib boradi. Yuqori neogen va quyi to’rtlamchi davrlarning konglomerat, qumtosh, gil, shag’altoshlaridan tashkil topgan, yuzasi qumloq va qumoqlarning yupqa qatlami bilan qoplangan. Burgana tog’lari yon bag’irlari quruq soy o’zanlari bilan kuchli parchalangan. Markaziy qismida atrofga nisbatan ancha (100-120 metr) ko’tarilgan, yuzasi yassi, yon bag’irlari ancha qiya bo’lgan balandliklar mavjud. Burgana tog’lari shimolda Isfara va Sux konus yoyilmalari oralig’idagi pastqamliqdan keskin ko’tarilgan, etagida ensiz prolyuvial shleyf vujudga kelgan. Janubda esa Burgana tog’lari Turkiston tizmasining shimol yon bag’irlaridan adir orti pastqamligi bilan ajralgan. Burgana tog’larining shimol yon bag’irlarida och bo’z, Janubda esa tipik bo’z tuproqlar tarqalgan, mayda shag’al uchraydi. Oq shuvoq, efemerlar o’sadi. Asosan yaylov chorvachiligida foydalaniladi.