BURSIT

BURSIT (Yunoncha bursa — xaltacha) — bo’g’im shilliq xaltachasining (bo’g’im atrofidagi va ayrim suyak bo’rtmalari ustidagi) yallig’lanishi. Haroratning ko’tarilishi va xaltachada suyuqlik (ekssudat) to’planishi bilan kechadi. Kasallikning kechishiga ko’ra o’tkir, o’rtacha o’tkir, surunkali va qaytalaydigan, shuningdek spesifik (zaxm, sil, revmatizm, brusellyoz va hokazolar) hamda nospesifik xillari tafovut qilinadi. O’tkir Bursitga har xil shikastlanishlar (lat yeyish, shilinish, chaqalanish), ba’zan o’tkir yoki surunkali infektsiyalar (tomoq og’rig’i, tumov), diatez sabab bo’ladi. Surunkali Bursit kasbga oid bo’lib, ko’proq ish jarayonida tizza va tirsak bo’g’imiga zo’r keladigan kishilarda kuzatiladi. Bemor bo’g’imini mahkam bog’lab tinch qo’yiladi, issiq qilinadi, fizioterapevtik muolajalar (ultratovush, UVCH) buyuriladi. Zaruriyat bo’lganida jarrohlik usuli qo’llaniladi.