BURUN

BURUN — odam va umurtqali hayvonlar nafas yo’llarining boshlang’ich qismi va hid bilish a’zosi. Ovoz chiqarish va so’zlashda resonator vazifasini o’taydi (ovozni kuchaytiradi va unga ohang beradi); tashqi Burun, burun bo’shlig’i va Burunning yondosh bo’shliqlariga bo’linib, yondosh bo’shliqlar Burun bo’shlig’iga tor teshiklar orqali ochiladi. Tashqi Burun suyaktog’ay skeletidan tuzilgan. Tog’ay to’qima borligi tufayli tashqi Burun egiluvchan. Burun terisi bag’rida yog’ bezlari bor. Burun bo’shlig’i (Cavitas nasi) yupqa to’siq orqali ikki bo’lakka ajralgan bo’lib, kataklar orqali tashki muhit bilan, xoana orqali esa burunhalqum bilan tutashadi. Burun bo’shlig’ining tubi qattiq tanglay suyagi hisoblanib, yuqori devori g’alvirsimon yupqa suyak plastinkadan iborat, hidlov nervining tolalari shu plastinka teshiklaridan o’tib, Burun bo’shlig’iga kiradi. Burun bo’shlig’i devorini hilpillovchi epiteliyli shilliq parda qoplab olgan. Uning tuklari bir maromda tebranib turadi. Burun bo’shlig’ini ikkiga (o’ng va chapga) bo’lib turgan to’siqning orqa qismi suyak to’qima, old qismi tog’aydan iborat bo’lib, Burun bo’shlig’ining ichki devorini hosil qiladi. Bu bo’shliqning yon devorida uchtadan Burun chig’anog’i bo’lib, ular ostidan yuqori, o’rta va pastki havo yo’llari o’tgan. Yuqori va o’rta havo yo’lining yon devorida teshikchalar bor, Burun bo’shlig’i shular orqali o’zining yondosh bo’shliqlari bilan tutashadi. Pastki havo yo’lida yoshb. kanalining teshigi bo’lib, bundan Burun bo’shlig’iga yosh oqib tushadi. Burunning yondosh bo’shliqlari to’rt juft: yuqori jag’, peshona, asosiy va g’alvirsimon bo’shliq. Burun bo’shlig’i orqa tomondan halqum (yutqin)ga kata cho’zinchoq teshiklar — xoanalar bilan tutashadi. Burun bo’shlig’ini qoplagan shilliq pardaning yuqori qismida hidlov nervining oxirlari tarmoqlangan, qolgan qismidagi hilpillovchi epiteliy tuklari Burun teshiklari tomon tebranib turadi. Burun bo’shlig’i nafas olish, muhofaza, hid bilish va rezonans funktsiyalarini bajaradi. Nafasga olingan havo Burun bo’shlig’idan o’tish vaqtida chang-to’zon zarrachalaridan tozalanadi. Burun shilimshig’idagi moddalar Burun bo’shlig’iga tushgan mikroblarni bir qadar yuqumsizlantiradi. Sovuq havo Burun yo’llaridan o’tayotganda isiydi va qon tomirlarga boy bo’lgan shilliq pardalarga tegib namlanadi. Shilliq pardadagi hid bilish nervi hujayralari turlituman hidlarni bir-biridan ajratish imkonini beradi. Burun orqali nafas olganda havo Burundan o’ta turib chang va mikroblardan tozalanadi, iliydi va namlanadi. Burun kasalliklarini Otorinolaringologiya fani o’rganadi. Nosir Ahmedov.

BURUN, tumshuq — quruqlikning okean, dengiz, ko’l akvatoriyasiga yondosh sohillarga nisbatan ko’proq turtib kirgan qismi. Qirg’oq qanday jinslardan (tosh, qum va boshqalar) tarkib topganligiga qarab, Burunlar tik ko’tarilgan, baland (Dejnyov Burun, Ayiq tog’ Burun), asta-sekin pasayib boradigan, tekis (Mo’ynoq Burun) bo’lishi mumkin. Burun ba’zan suv ostida ham davom etib, kema qatnovi uchun xavf tug’diradi. Tor muyulishi ham Burun deyiladi.

BURUN — 1) degrezlikda ishlatiladigan quyma cho’yan moslama. Uning bir uchini dama, ikkinchi uchini yondo’kon shovvasi (shamol kiradigan teshik) ga suqib, lom bilan ko’tarib qo’yiladi. Shamol damdan Burun orqali shovvaga, undan yondo’kondagi o’choqqa borib, o’tni puflaydi. Temirchi, Taqachi, miskar, anjomsozlar Burunni bulul deb ham atashadi; 2) anjomsozlarning mo’risiz o’choqlarida dam kavaza (yog’och naycha) ga kiradigan nay va hokazolar.