BUTPARASTLIK

BUTPARASTLIK — but, sanam, salib, ikonaga sig’inish odati. Fetishizm, majusiylik kabi ibtidoiy dinlarga xos. Butparastlar butni, sanamni xudolar qiyofasi, timsoli deb bilganlar. Majusiylikdagi Butparastlik odati xristianlik, buddizm kabi dinlarda ham saqlanib qolgan. Masalan, xristianlikda ikona, krestga, buddizmda haykalchalarga cho’qinishadi. Islom dini shakllanishidan oldin Saudiya Arabistonidagi qabilalarda Butparastlik odati bo’lgan, ya’ni har bir qabila o’z xudosiga, uni ifodalovchi butga topingan. Bunday butlar Makkadagi diniy ibodatxona — Ka’bada 300 dan ortiq edi. Islom dini shakllanib, yakka Xudoga sig’inish paydo bo’lgandan so’ng butlar Ka’badan chiqarib tashlandi. Ko’p xudolikka e’tiqod qiladigan qabilalarda, xususan, Afrikadagi ayrim qabilalarda Butparastlik hali ham bor.