BUXORO DAVLAT ME’MORIY BADIIY MUZEY QO’RIQXONASI
BUXORO DAVLAT ME’MORIY BADIIY MUZEY QO’RIQXONASI — Buxoro shahridagi muzeyqo’riqxona; Buxoroning qadimgi tarixini, uning moddiy va ma’naviy boyliklarini, avloddan avlodga o’tib kelayotgan o’ziga xos an’analarini saqlash, o’rganish va targ’ib qilish bilan shug’ullanuvchi muassasa. 1922 yilda Buxoro davlat muzeyi sifatida tashkil topgan. Keyinchalik turli nomlar bilan atalgan: Buxoro viloyat o’lkashunoslik muzeyi (1940-45; 1969-83), Buxoro tarixiy o’lkashunoslik muzeyi (1945— 69), Buxoro tarixiyme’moriy muzeyi (1983-84), 1985 yildan muzeyqo’riqxona, 1988 yildan hozirgi nomda. Muzeyqo’riqxona jamg’armasi 63 mingdan ortiq. Umumiy maydoni 8320 kvadrat metr. Uning 6 ta filiali bor: viloyat o’lkashunoslik muzeyi (Arkda), xalq amaliy bezak san’ati muzeyi (Sitorai Mohi Xosada), Kamoliddin Behzod nomidagi san’at muzeyi (sobiq Azov banki binosida), Fayzulla Xo’jayev uymuzeyi (19-asrdagi tarixiy binoda), Abu Ali ibn Sino memorial muzeyi (Peshku tumanidagi Afshona qishlog’ida), Romitan o’lkashunoslik muzeyi (Romitan shahrida). Muzeyqo’riqxonaning 94 zalida 28 ta mustaqil ekspozisiya Buxoroning rivojlanish bosqichlarini, jahon tsivilizasiyasi, ma’naviy madaniyati va diniy qadriyatlariga qo’shgan hissasi va hozirgi kunda erishilgan muvaffaqiyatlaridan hikoya qiladi. Arxeologik to’plamlari orasida miloddan avvalgi 4-3-asrlar neolit davriga oid pichoqsimon tosh bo’laklari (Darvozai Qir manzilgohi), jez davri madaniyatiga doir materiallar (Zamonbobo madaniyati), sak qabilalarining qabrlaridan topilgan buyumlar, fayansdan ishlangan haykalchalar (Arslon va toshbaqa), buyumlar (saklar qozoni, isiriqdon va boshqalar), shuningdek miloddan avvalgi 5-asrdan milodiy 16-asrgacha daxldor manzilgohlar va shahristonlardan qazib olingan qadah, kosa va ko’zalar, zargarlik buyumlari, suyakdan ishlangan igna, to’g’nog’ich va boshqa buyumlar bor. Numizmatika to’plami ham boy: Yunon-Baktriya tangalari (miloddan avvalgi 3-2-asrlar), Kushon tangalari (1-3- asrlar), sosoniylar tangalari (5-asr), buxorxudotlar tangalari (7-8-asrlar), Somoniylar (9— 10-asrlar), Qoraxoniylar (12-asr), Temuriylar (14-15-asrlar), Shayboniylar (16-asr), Ashtarxoniylar (17-asr), mang’itlar sulolasi davri (18— 20-asr boshi) ga oid oltin tangalardan iborat. Buxoro kashtalari, so’zanalari va zardo’zlik buyumlari, G’ijduvon kulolchiligi (10-20-asrlar), yog’och o’ymakorligi buyumlari (14-20-asrlar), 16-20-asrlarga oid Xitoy va yapon chinnilaridan iborat to’plamlar, noyob kitob va qo’lyozmalar (1391-92-yillarga doir “Zikr asar Annabi”) o’rami, 1930— 2000 yillarda ishlangan tasviriy san’at asarlari, o’lka tarixiga oid 100 mingdan ortiq eksponatlar saqlanadi. Robert Almeyev.