CHALISH
CHALISH — Xorazm viloyati Urganch tumanidatsh shaharcha. Amudaryo sohilida. Viloyat markazi (Urganch shahri) dan 8 kilometr. Yaqin temir yo’l stantsiyasi — Urganch (14 kilometr). Aholisi 5,6 ming kishi (2004). Chalish o’rni avval Amudaryoning chap sohilidagi to’qaychakalakzorlardan iborat hudud bo’lgan. 1886 yilda Amudaryo flotiliyasi tashkil topgandan so’ng pristan barpo etilib, yuk tashuvchi qozoqlar bu yerda makon tutganlar. “Chalish”atamasi — qayiq, sollarni eshkaklar yordamida daryodan kechib o’tkazish joyi (kechuv) ma’nosida. Aholi daryo bo’ylaridagi to’qayzorlarda o’suvchi yovvoyi kandirdan ip yigirib paloe va poyandozlar to’qishgan. Shu sababli bu joy Kandirkum, Qo’poliq (qamishzor) deb ham atalgan. 1929 yilgacha bu yerda Qo’poliq pristani bo’lgan. 1929 yil bahorida Amudaryo toshib pristanni yuvib ketgan. Keyinchalik uning o’rnida qurilgan pristan Chalish deb atalgan. Chalish yonida Amudaryo paroxodchiligi suv yo’lini nazorat qiluvchi texnika uchastkasi va boshqa tashkilotlar ishlay boshladi. 1940 yilda shaharchada bog’dorchilik-tokchilik xo’jaligi barpo etildi. 1952 yilgacha Chalish Xorazm viloyatining asosiy transport–kema (port) darvozasi hisoblangan. Xo’jalik yuklari Amudaryo orqali Chorjo’y (hozirgi Turkmanobod) va Orol dengizidan kemalarda tashib keltirilgan. Urganch — Chalish orasida tor izli (motovoz) temir yo’lda yuk tashilgan. Chalish 1957 yilgacha Qoraqalpog’istonning Beruniy tumani tasarrufida bo’lgan, so’ngra Xorazm viloyati Urganch tumani tarkibiga kiritilgan. 1969 yil 13 martda Amudaryo toshib ovul suv ostida qolgan. Toshqin oqibatlari tugatilgach, Chalishda toshqinga qarshi kurashadigan qurilish tashkiloti tuzildi. 1992 yilda Amudaryo ustidan Chalishni Qoraqalpog’istonning Beruniy shahri bilan bog’lovchi ponton ko’prigi qurildi. Shaharcha yonida vinobop uzum yetishtiriladigan shirkat xo’jaligi bor. Chalishda Amudaryo kemalar qatnovi xavfsizligini ta’minlovchi “chalish texxizmati” idorasi, viloyat ot sporti maktabi, qurilish tashkiloti va “Jayxun” sanatoriysi joylashgan. 2 umumiy ta’lim maktabi (o’zbek va qozoq tillarida o’qitiladigan), madaniyat uyi, kutubxona, vrachlik punkti mavjud. Amudaryo sohilidagi xushmanzara joylarda shaharliklarning dam olish zonalari, dala hovlilari bor. Ad. Nurjonov K., Ko’hna va yangi Urganch, Urganch, 1993.