CHATQOL BIOSFERA QO’RIQXONASI

CHATQOL BIOSFERA QO’RIQXONASI — Toshkent viloyatining Parkent tumani tog’li hududida, Chatqol tog’ tizmalarining janubi g’arbida joylashgan. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1990 yil 21 iyundagi qarori bilan Chatqol qo’riqxonasi (1947) negizida Ugomchatqol davlat tabiat milliy bog’i tashkil etilishi munosabati bilan uning Janub qismida alohida qo’riqlanadigan hudud tarzida ajratilgan. Toshkent viloyati tabiatini muhofaza qilish boshqarmasiga qaraydi. G’arbiy Tyanshanning ulkan va noyob o’simliklari, hayvonot va qushlarini o’rganish, saqlab qolish va ko’paytirish maqsadlarida ish olib boradi. Umumiy maydoni 9900 gektar. Qo’riqxona hududi Sharqda deyarli Namangan viloyati, Janubi g’arbda Ohangaron tumani tog’li hududlariga yaqin boradi. Relyefi har xil balandliklar (1100-4000 metr), qoyali cho’qqilar va tik qiyaliklar bilan tavsiflanadi. 1000 -1500 metr balandlikda lyossimon tuproqlar, undan yuqorida tog’ o’rmon va o’tloqi tuproqlarning turli shakllari rivojlangan. Iqlimi kontinental, yanvar oyining o’rtacha harorati -7°, iyul oyiniki 23-25°, yillik yog’in miqdori 700-800 millimetr. Qo’riqxona hududidagi asosiy suv havzalari Boshqizilsoy, Shovvasoy va ularning irmoqlari. Qo’riqxonada o’simliklarning 1300 ga yaqin turi, shu jumladan, dorivor o’simliklardan jenshen, tog’ yon bag’irlarida 40 dan ortiq daraxt va buta turlari o’sadi. Asosiy daraxtlari tol, terak, qora archa, savur archa, yong’oq, pista, qayin, zirk, chetan, do’lana, yovvoyi olma, tog’olcha va boshqalar. Hayvonot dunyosida 30 dan ortiq sut emizuvchilar turi, shu jumladan, tog’ qoploni, qo’ng’ir ayiq, tog’ echkisi, elik, tulki, bo’rsiq, qobon (yovvoyi cho’chqa) va boshqalar, qushlarning 140 dan ortiq turi — bedana, qirg’iy, qora laylak, kaklik, qumri va boshqalar (qushlardan qora laylak, qirg’iy uya qurib bola ochadi), umurtqasizlarning 19 turi uchraydi. G’arbiy Tyanshan uchun noyob bo’lgan o’simliklarning 33 turi, hayvonlarning 3 turi, qushlarning 4 turi xalqaro va O’zbekiston qizil kitobiga kiritilgan. Qo’riqxona o’simlik ko’lami tiklanib, hayvon va qushlar soni ko’paymoqda. Qo’riqxona Maydontol uchastkasining baland tog’ qoyalarida tog’ echkisi va kiyiklar tasviri tushirilgan petrogliflar (Teraklisoy petrogliflari) topilgan (1965).