CHECHAK
CHECHAK, chin chechak — odam va hayvonlarning o’tkir yuqumli kasalligi. O’tmishda yer yuzidagi barcha mamlakatlarda keng tarqalgan bo’lib, u haqdagi dastlabki ma’lumotlar kds. Misr va Xitoy qo’lyozmalarida uchraydi, keyinroq yunon va rimlik vrachlarning asarlarida qayd etilgan. O’rta asrlarda Roziy “Chechak va qizamiq haqida kitob” (“Kitob aljudariy valhasba”) nomli asar yaratib, tibbiyot tarixida birinchi marta Chechakni ta’riflab berdi va Chechakga qarshi emlash kerak degan fikrga kelib, uni amalda qo’lladi. Chechakning oldini olish haqidagi fikrlar Ibn Sino asarlarida ham ilgari surilgan. 1796 yilga kelib Yevropada ingliz vrachi E. Jenner chechakka qarshi emlashni taklif etganidan so’nggina Chechak ancha kamaydi. Chechakni filtrlanuvchi viruslar qo’zg’atadi. Infektsiya manbai — bemor. Virus havo (chang, bemor aksirganda, yo’talganda) va bemor buyumlari (kiyim-kechak va hokazolar) dan o’tadi. Kasallik o’tkir boshlanadi. Gavda temperaturasi birdan ko’tarilib, bosh og’riydi, et uvishib ko’ngil ayniydi va bel, dumg’aza atrofida og’riq paydo bo’ladi. Bemorning pulsi tezlashib, tili quruqshaydi, karashlanadi. Tomoq, burun, halqum shilliq qavatlari qizarib yallig’lanadi. Shu davrda ayrim bemorlarning qorin pasti, sonining ichki tarafiga qizamiq yoki qizilcha toshmasiga o’xshash toshmalar toshadi. 3-4 kundan so’ng bemorning ahvoli birmuncha yaxshilanib, keyin yana og’irlashadi. Bu davrda peshona, soch, yuz, qo’l panjasida haqiqiy Chechak toshmasi — mayda dog’ga o’xshash toshmalar paydo bo’ladi, ertasiga ular qizg’ish tugunchalar (papula)ga aylanib, butun badanga tarqaladi. Keyin tugunchalardan pufakchalar (vezikula) hosil bo’ladi va yiring boylaydi. Kasallikning 10—13-kuni yiringli toshmalar qurib, qoraqo’gir bo’ladi. 18—20-kuni ular tusha boshlaydi va o’rni chandiqlana boradi, bemorning ahvoli birmuncha yaxshilanadi. Og’ir kechadigan aralash Chechakda toshmalar bi-rbiriga qo’shilib ketadi. Gemorragik Chechak (“qora Chechak”yoki Chechak purpurasi) da to’qima va a’zolarga qon quyiladi. Chechakning toshma toshmaydigan, isitmasiz kechadigan shakllari farq qilinadi. Chechakning oldini olish uchun bemor Chechakga qarshi emlanadi va boshqa chora-tadbirlar ko’riladi. 1980 yil Jahon Sog’liqni Saqlash Assambleyasining 33 sessiyasida yer yuzida chin chechak butkul tugatilganligi rasmiy ravishda e’lon qilindi. Chorva mollarida Chechak zaharlanish, isitma va teriga toshmalar toshishi bilan kechadi. Chechak qo’zg’atuvchisi Poxviridae oilasiga mansub 7 turkum viruslari. Har bir hayvon turida Chechakni qo’zg’atadigan o’ziga xos viruslari bor. Masalan, qo’y Chechakda ko’z, burun zararlanadi, sigir Chechakda sog’im kamayadi, elinda va tananing boshqa qismlarida toshmalar paydo bo’ladi, qushlarda teri va ichki a’zolar zararlanadi. Kasal bo’lib tuzalgan hayvonlarda turg’un immunitet hosil bo’ladi. Kasallik kasal hayvon bilan sog’lom hayvon bir joyda saqlanganda, virus bilan zararlangan ozuqa, suv va boshqalar orqali yuqadi. Viruslar atrof muhitda bir necha oygacha saqlanadi. Qish oylarida yosh hamda nimjon o’sgan chorva mollari ko’proq va og’irroq kasallanadi; ularning mahsuldorligi pasayadi, terisi yoriladi, ayrim hayvonlar nobud bo’ladi. Tashhis klinikepizootologik va epidemiologik ma’lumotlar, lab. tekshiruvlari natijalari asosida qo’yiladi. Davolash: gammaglobulinlar, antibiotiklar, malham dorilar, glitserin yoki antiseptik vositalarni qo’llash. Oldini olish: umumiy sanitariyaveterinariya qoidalariga rioya qilish; hayvonlarda emlash yo’li bilan immunitet hosil qilish; kasallikka chalingan mollarni alohida saqlash va boshqalar.