CHERNOGORIYA
CHERNOGORIYA (sta Gora), Chernogoriya Respublikasi (Republika sta Gora) — Serbiya va Chernogoriya tarkibiga kiruvchi respublika. Maydoni 13,8 ming kilometr kvadrat. Aholisi 635 ming kishi (1996). Poytaxti — Podgorisa shahri. Ma’muriy jihatdan jamoalarga bo’linadi. Aholisining ko’pi chernogorlar; serb va albanlar ham yashaydi. Aholining 69% xristian (pravoslav), 19% Islom diniga e’tiqod qiladi. Chernogoriyaning o’z Konstitutsiyasi, parlamenti (skupshchina) va hukumati bor. Tabiati. Chernogoriya mamlakat Janubi g’arbida, Adriatika dengizi sohilida joylashgan. Hududining katta qismini Dinara tog’ligi egallagan (eng baland joyi 2511 metr, Durmitor tog’i); Janubi g’arbida Chernogoriya karstli platosi bor. Iqlimi mo’tadil, kontinental. Adriatika dengizi sohillarida o’rta dengiz iqlimi. Yillik yog’in o’rtacha 1600— 1800 millimetr, sohillarda 3000 millimetrgacha. Tog’ yon bag’irlari igna bargli va aralash o’rmonlar. Chernogoriyada qo’rg’oshin rux rudalari, boksit, qo’ng’ir ko’mir konlari bor. Asosiy daryolari Moracha va uning irmog’i Zeta. Tarixi. Chernogoriya hududiga qadimda illiriylar kelib joylashgan. Miloddan avvalgi 1-asrda Rim tomonidan bosib olingan. Milodiy 1-asrda Chernogoriya hududi (11-asrgacha Duklya, keyinchalik Zeta, 15-asrdan Chernogoriya deb atalgan) Rimning Dalmasiya, 297 yildan Prevalitana provintsiyasiga qo’shib olingan. 7-asrda slavyanlar kelgan. 1479 yildan mamlakat tekislik qismi turklar tasarrufida bo’ldi. 1499 yilda Chernogoriya hududi Usmonli turk imperiyasi tarkibiga qo’shib olindi. Turklarga qarshi kurashgan mitropolit Danilo Petrovich Negosh (1697-1735 yillarda hukmronlik qilgan) Negoshlar sulolasi (1697— 1918) ga asos solgan. 1796 yil Chernogoriya amalda mustaqillikka erishdi. Napoleon urushlari va serblarning mustaqillik uchun olib borgan kurashlarida (1804— 15) Chernogoriya Rossiya va Serbiya tomonida bo’ldi. 1852 yil Chernogoriya merosiy knyazlik deb e’lon qilindi. 1878 yil Berlin Kongressi qaroriga binoan, Chernogoriya to’liq mustaqil davlat deb tan olindi. 1910 yildan Chernogoriya qirolligi deb ataldi. Chernogoriya Bolqon urushlari (1912-13) da qatnashdi. 1-jahon urushi (1914-18) da Antanta tomonida turib urushdi. 1918 yil 1 dekabrda serblar, xorvatlar va slovenlar qirolligi (1929 yildan Yugoslaviya) tarkibiga kirdi. 1941 yil aprelda fashistlar Germaniyasining Yugoslaviyaga hujumidan so’ng, Chernogoriya Italiya qo’shinlari tomonidan bosib olindi. 1944 yil dekabrda Yugoslaviya xalq ozodlik armiyasi tomonidan ozod etildi. 1945 yil noyabrdan Chernogoriya Yugoslaviya tarkibidagi olti respublikadan biri bo’ldi. 1991 yil Yugoslaviya Sotsialistik Federativ Respublikasi parchalanib, undan Sloveniya, Xorvatiya, Bosniya va Gersegovina, Makedoniya chiqib ketgach, Serbiya bilan Chernogoriya Yugoslaviya Ittifoq Respublikasini tuzdilar. 2003 yil 4 Fevraldan bu davlat Serbiya va Chernogoriya deb atala boshladi. Xo’jaligi. Sanoati mineral xom ashyolarni qazib olish va unga ishlov berish, qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlash bilan bog’liq. Boksit, qo’rg’oshin rux rudalari, qo’ng’ir kumir, tuz qazib olinadi. Zeta daryosida GESlar qurilgan, yirik issiqlik elektr stansiyasi mavjud. Sanoatning asosiy tarmoqlari metallsozlik, kimyo, ko’nteri va poyabzal sanoati. Elektrotexnika (Tsetine), kema ta’mirlash (Kotor), yog’ochsozlik, to’qimachilik hamda oziq-ovqat (jumladan, tamaki) mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari, go’sht kombinatlari, baliqni qayta ishlash, sut zavodlari bor. Qishloq xo’jaligidagi yetakchi tarmoq — tog’ yaylov chorvachiligi (asosan, qo’ychilik). Tog’ yaylovlari va daryo vodiylarida makkajo’xori, bug’doy, tamaki, sabzavot yetishtiriladi. Bog’dorchilik va tokchilik rivojlangan. Adriatika dengizi sohili Chernogoriyaning subtropik o’simliklar (tsitrus mevalar, zaytun va boshqalar) o’stiriladigan muhim rayoni hisoblanadi. Sayyohlikdan katta daromad olinadi, dengiz sohilida kurort ko’p. Asosiy dengiz portlari — Bar va Kotor. Bar — Belgrad yo’nalishida elektrlashtirilgan temir yo’l magistrali mavjud. Asosiy aeroporti Podgorisada. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Ta’limning asosiy turi — 8 yillik maktab. 2 yillik umumiy o’rta maktablar, maqsadli o’rta ta’lim maktablari, 8 yillik maktab negizida ishchi malakasini beruvchi qo’shimcha maktablar mavjud. Podgorisada universitet (1973), Nikshichda pedagogika akademiyasi, Kotorda oliy dengiz maktabi bor. Chernogoriya fan va san’at akademiyasi (1976 yil tashkil etilgan), tarix, geologiya va kimyoviy tadqiqotlar, Gidrometeorologiya, dengiz biologiyasi institutlari, seysmologiya stansiyasi bor. Bir qancha kutubxona, jumladan, Tsetine shahrida Markaziy xalq kutubxonasi ishlaydi. Yirik muzeylari: qadimgi san’at, etnografiya, tarix muzeyi, Negosh Petrovich muzeyi, Dengiz muzeyi. Kundalik “Pobeda” (“G’alaba”) gazetasi serb tilida 1943 yildan chiqadi. Podgorisada radiostansiya va telemarkaz ishlaydi. Adabiyoti. Chernogor adabiyoti qo’shni xalqlar adabiyoti, ayniqsa, serb adabiyoti bilan uzviy aloqada rivojlangan. Birinchi yirik bosma adabiy asar Chernogoriyada hukmronlik qilgan Vasiliy Petrovich (1709— 66) ning “Chernogoriya to’g’risida tarix” asari bo’lib, u 1754 yil Moskvada nashr etilgan. Yangi chernogor adabiyotining boshlanishi 18-asr oxiri — 19-asr 1-yarmiga to’g’ri keladi. Uning asoschisi shoir va davlat arbobi Pyotr II Petrovich Negoshdir (1813 — 51). Uning ijodi chernogor she’riyatida 1918 yilgacha eng yuksak cho’qqi hisoblanadi. “Chernogoriyaning qisqacha tarixi” asari (1835 yil nashr etilgan) muallifi hukmron Pyotr (Petar) I Negosh she’riy asarlar ham yozgan. 1827— 31 yillar Chernogoriyada yashagan serb yozuvchisi va tarixchisi S. Milutanovichsarayliya “Chernogoriya tarixi” asari (1835)ni va 2 drama yozgan. 19-asr — 20-asr boshlaridagi nazmda S.M.Lyubishi va serb yozuvchisi S.Matovul xikoyalari ajralib turadi. S.Matovul bir necha yil Chernogoriyada yashab chernogor xalqi turmushini aks ettiruvchi bir qancha hikoya va roman yozgan. Bu davrda yozuvchilardan L. Yovovich, S. Vuletich, M.Tomich, S.Shobaich samarali ijod qildilar. 30-yillarning boshlarida boshqa xalklar adabiyotidagi kabi Chernogoriya adabiyotida ham “Ijtimoiy realizm” oqimi vujudga keldi va shu oqim yo’nalishida she’riy asarlar yaratildi. Bular R.Zogovichning “Musht” (1936), “Olovli kaptarlar” (1937) to’plamlari, “Kelgindilar” dostoni (1937); M.Banevichning “O’rmon” (1938), “Olovli tong” (1941) to’plamlari; Ya.Jonovichning “Ikki daryo” (1938) va M.Vukovichning “Yer” (1934) to’plamlari. Shu yillarda D.Jurovich “Tog’liklar orasida” hikoyalar to’plami (1936), “Duklya mamlakati” romani (1939), N.Lopichich “Dehqonlar” hikoyalar to’plami (1939)ni yaratdilar va ularda chernogor xalqining Real hayotini aks ettirdilar. 1950-70 yillar adabiyotida M. Lalich alohida o’rin tutadi. Uning “To’y” (1950), “Yomg’irli bahor” (1953), “Uzilish” (1955), “Leley tom” (1962) romanlarida xalq ozodlik kurashi mavzui yorkin aks etgan. A.Asanovich, Ch. Vukovich kabi yozuvchilar ham shu mavzuda hikoya va romanlar yaratdilar. Bu davr she’riyati yutuklari R.Zogovich, D.Jonovich, M.Banevich, D.Kostich, R.Veshovich, M.Kral, S.Petrovich, E.Brkovich kabi shoirlar ijodi bilan bog’liq. Dramaturgiya sohasida E.Brkovich,. V.Ivanovich, J. Komanin va boshqalarning pyesalari alohida o’rin tutadi. Me’morligi va tasviriy san’ati. Chernogoriya hududidan neolit davriga oid spool idishlar topilgan. Illiriylarning mustahkamlangan qo’rg’on va nekropollari jez davri oxiri va temir davri boshlarida barpo etilgan. O’rta asrlarda Chernogoriya me’morligi Italiya va Dalmasiya, Serbiya va Vizantiya madaniyatlari ta’sirida rivojlandi. 11 asrda roman uslubida cherkovlar qurildi. 12— 13-asrlarda Avliyo Tripuna sobori (1166), avliyo Pavel cherkovi (1263— 66; ikkalasi Kotor shahrida), Morach monastiri cherkovi kabi inshootlar qurildi. 14-15-asrlarda dengiz bo’yi rayonlaridagi binolarda roman uslubidagi shakllar bilan uyg’unlashgan gotika uslubi belgilari paydo bo’ldi (Savch, bar, Kotordagi cherkov va uylar). 17— 18-asrlar cherkov qurilishida barokko uslubi keng qo’llanildi (Prchandagi cherkov). 19-asr oxirida shaharlarda so’nggi klassisizm ruhida hashamatli binolar (Tsetinedagi Danilov saroyi, 1894-95) va eklektik inshootlar (Kotordagi avliyo Nikola cherkovi, 1910) paydo bo’ldi. 1960-70 yillar me’morligi uchun milliy o’ziga xoslik, manzara bilan uyg’unlashtirib tasvirlash xarakterli (“Podgorisa” mehmonxonasi, 60-yillar, me’mor S.Radevich; “Beko” univermagi, 1961, me’mor B.Minch, ikkalasi ham Podgorisada; Xersegnovidagi mehmonxonalar majmuasi, 1963, me’mor D. Katarina, P. Milorad; Budva, Trstenodagi kurort majmualari va boshqalar). Neolit davrida geometrik shakl va naqshlar bilan bezatilgan keramika rivojlangan. 11 —11-asrdan mahobatli rang-tasvir namunalari saqlangan (ston yaqinidagi avliyo Mixail cherkovi freskalari). 13-14-asr tasviriy san’atida roman va gotika uslubi unsurlari qo’shilib ketdi (Morachdagi monastir cherkovlari freskasi, 1252). 15— 16-asr rassomlar ijodida uyg’onish davri belgilari mavjud (Lavro Marinov va Visko Dobrochevichi). 17-18-asrlarda mahalliy rassomlardan J. Mitrofanovich, A. Vuichich, T. Kokolya ajralib turadi. Vizantiya san’ati an’analari miniatyurada saqlanib qoldi. 19-asr 2-yarmi — 20-asr boshlaridan Chernogoriyaning o’z tasviriy san’ati shakllandi. Rassomlar milliy tarix mavzuidagi portret, kompozitsiyalar yaratdilar (P. Pochek, M. Gregovich, I. Shobaich). 20-asrning 20-30-yillarida rassomlar M. Milunovich, P. Lubarda, haykaltarosh R. Stiyovich samarali ijod qildilar. Chernogoriyada monumental san’at hamda tematik, portret va peyzaj rang-tasvir rivojlangan. Musiqasi. Chernogoriyada 19-asr oxirigacha faqat xalq musiqa madaniyati rivojlangan. Xalq epik, qahramonlik, lirik, marosim qo’shiqlarini ijro etishning qadimgi an’analari saqlangan. Xalq musiqasining asosiy cholg’usi qo’bizsimon gusle. Oro raqsi keng tarqalgan. 19-asr oxirida musiqiy jamoa tashkilotlari va ijrochi jamoalar paydo bo’ldi. Kompozitor Y. Ivanishevich, xormeyster A. Ivanovich dastlabki professional musiqachilaridandir. Birinchi musika maktabi 1924 yil Tsetineda tashkil etilgan. 2-jahon urushi (193945) dan keyin Tsetine (1947), Podgorisa (1950, M. Milyanov nomida), Kotor (1950) va boshqa shaharlarda musiqa maktablari ochildi. Podgorisada Radioning simfonik orkestri va aralash xori, “oro” xalq ashula va rake ansambli bor. Havaskorlik xor jamiyatlari, Chernogoriya kompozitor ijrochi musiqachilar jamiyati ishlaydi. Teatri. Chernogoriya professional teatri 19-asr — 20-asr 1-yarmida rasm bo’lgan teatrlashtirilgan marosimlardan boshlanadi. Teatr madaniyatini rivojlantirishda Pyotr II Petrovich Negosh ijodi katta ahamiyatga ega bo’lgan. Uning “Tog’ toji” (1847) va “Soxta podsho Stepan Mali” dramatik asarlari Chernogoriya o’tmishiga bag’ishlab yozilgan (havaskor teatr to’garaklari tomonidan qo’yilgan). 1953 yil Podgorisada Chernogoriya milliy teatri (drama va opera truppalari bilan) tashkil etilgan. Rejissyorlardan B. Erakovich, aktyorlardan V. Mandich, D. Tomas, B. Vukovich va boshqalar mashhur.