CHILANGARLIK
CHILANGARLIK — mayda buyumlar (ustara, qaychi, bigiz, arra, iskana kabi ish asboblari) ni yasash kasbi; zamonaviy ishlab chiqarish sharoitida turli mexanik amallarni bajarish. Chilangarlik buyumlari avval xonaki hunarmandchilik usullarida ishlab chiqarilgan. Chilangarlar, asosan, o’choq, dam, bozg’on, bolg’a, ombur va boshqa asboblardan foydalangan. Ular sartaroshlik, etikdo’zlik, kavushmahsido’zlik, tikuvchilik va duradgorlik kasblariga kerakli, shuningdek, binokorlik uchun ish qurollari yasashgan. Hozir Chilangarlik mahsulotlari asosan korxonalarning maxsus tsexlarida ko’plab ishlab chiqariladi. Korxonalardagi Chilangarlik (slesarlik) rejalash, kesish yoki qirqish, tekislash yoki to’g’rilash, egish, parmalash, o’yish, egovlash, parchinlash, kavsharlash, qalaylash va boshqa amallarni o’z ichiga oladi. Biror mahsulotni tayyorlashda bu amallarning ba’zilari birinketin muayyan tartibda bajariladi. Bu tartib texnologik jarayon deb ataladi. Texnologik jarayondagi amallar maxsus asbob-uskunalar, dastgohlar, stanoklar, kavsharlash va payvandlash jihozlari yordamida bajariladi.